Feruza, biz siz bilanmiz! – Senat raisi jurnalist bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
08 avgust 2021
21104QALAMPIR.UZ internet nashri Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova duch kelgan vaziyat nafaqat jurnalistning kasbiy huquqlari, balki asosiy inson huquqlari buzilishining eng shafqatsiz holatlaridan biridir. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Gender tengligini ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyevaning bayonotida aytilgan.
Qayd etilishicha, ushbu holatning adolatli o‘rganilishi Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan nazoratga olingan.
“Biz internet tarmog‘idagi uyushgan tazyiq holatlarining davom etishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bu, birinchi navbatda, so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalarini himoya qilish va inson huquqlari kafolatini ta’minlash masalasidir.
Feruza, biz siz bilanmiz! Biz siz tarafdamiz!”, deyiladi Senati Raisi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqrlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida bo‘hton va tuhmatdan iborat video tarqatildi. Ushbu video avval Najmiddinovaning suratlari joylashtirilib, so‘ng Olmazor city hududidagi uylarning biri bolkonida sodir bo‘lgan erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat tasvirlari bilan montaj qilingan. Unda ushbu video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani aytiladi.
Najmiddinovaning sha’nini toptash, obro‘sizlantirish maqsadida tayyorlangan ushbu video tez orada ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilishiga erishildi. Kecha holat bo‘yicha aybdorlarni topish va jazolash yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. IIV, "Yuksalish" umummilliy harakati, Senat, AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov, fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan #men_Feruzaman fleshmobi boshlandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr