Hokimlik tilga kirdi: Norboyeva ko‘chgach, talon-toroj bo‘lgan mahalla muammosiga yechim yo‘qmi?

Tahlil

QALAMPIR.UZ bundan 20 kun oldin “Norboyeva ko‘chgach, mahallasi talon-toroj qilinyapti yoxud Toshkent Ortiqxo‘jayevning mahriga tushganmi?” sarlavhali jurnalistik surishtiruv e’lon qilgan edi. Takroriy murojaatlardan so‘ng, Toshkent shahar hokimligi mazkur surishtiruvga kutilmagan munosabat bildirdi.

Yodingizda bo‘lsa, 30 oktyabr kuni tahririyat o‘zining You Tube sahifasida aholi murojaati asosida tayyorlangan videomaterialni joylagandi, hozirda uning ko‘rishlar soni 318 mingdan ortiq. Poytaxtning Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi murojaati o‘rganilgan mazkur lavhada 2011-2013 yillarda qurib, foydalanishga topshirilgan 8 ta ko‘p qavatli uy aholisi 2018 yilgacha avtoturargoh sifatida foydalanib kelgan yer maydoni “Toshkent City” qurilishi boshlangach, odamlarni changdan himoya qilish bahonasida temir to‘siq bilan o‘rab olingani, endilikda esa bu joyning tadbirkorga berib yuborilgani haqida gap ketadi. Shuningdek, videoda Senat raisi Tanzila Norboyeva ham bir vaqtlar mazkur uylarning birida istiqomat qilgani, keyinchalik ko‘chib ketgani va aynan shundan so‘ng yer mashmashalari boshlangani alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Materialda ko‘tarilgan asosiy masala shuki, aholi qo‘lida mazkur uylar qurilishi va lozim hududlar ajratilishi belgilab qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi (VM) hamda o‘sha paytdagi poytaxt hokimi qarori mavjud bo‘lgan holda, muhim infratuzilma, ya’ni avtoturargohdan ajrab qolmoqda. Gap shundaki, aholi ularda VM, shahar hokimi va kadastr hujjatlari bo‘lsa-da, hududdagi yer uchastkalari xususiy maktab va bog‘cha qurilishi uchun tadbirkorga berib yuborilganini ta’kidlaydi.

QALAMPIR.UZ surishtiruv davomida yer uchastkalarining muqaddam daraxtkushlikda ayblangan va poytaxtning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador bo‘lgan kompaniyaga aql bovar qilmas darajadagi arzon narxda pullanganini aniqladi.

Bu masalaning qiziq jihatlaridan yana biri shuki, tahririyatga murojaat qilgan aholi bizda barcha hujjatlar mavjud, deya VM farmoyishi va 2011 yilgi shahar hokimi qaroriga suyanib yurgan bir davrda mazkur yer uchastkalari poytaxtning hozirgi hokimi Shavkat Umurzoqovning 2024 yilgi qarori asosida auksionga chiqarib yuborilgan. Mana endi maqola boshidagi “hokimlikning kutilmagan munosabati”ga yetib keldik. Video material e’lon qilingani zahoti munosabat berishi kerak bo‘lgan hokimlik “bexabar”likda davom etdi.

Tahririyatning hokimlik munosabati va Umurzoqovning qaroriga asos deb keltirilgan VM qarori haqidagi savollariga hokimlik matbuot kotibi Gulnoza Qosimova VMning 2011 yil 17 maydagi 288-sonli farmoyishida keltirilgan “buyurtmachi tashkilotlar orasida Toshkent shahar hokimligi yo‘qligi”ni bildirdi. Biz bergan savol va hokimlik bergan javob o‘rtasida qanday bog‘liqlik borligi tushunarsiz. Chunki hech kim buyurtmachilar orasida shahar hokimligi borligini da’vo qilayotgani yo‘q.

Hokimlik bergan munosabatda 2011 yil 16 iyun kuni o‘sha vaqtdagi shahar hokimi Rahmonbek Usmonov qaroridan parcha keltirilib, unda Navoiy ko‘chasidagi uylardan birini qurish uchun maydoni 0.73 gektar bo‘lgan yer ajratib berilishi belgilangani ta’kidlanadi va quyidagicha fikr bildiriladi:

“Shu tariqa, shahar hokimligida murojaatnomada keltirilayotgan maydon aholi uchun avtoturargoh tashkil qilinishi maqsadida ajratilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini ma’lum qilamiz”, deyiladi munosabatda.

Xullas, kalavaning uchi topilmayapti yoki hech kim topishni istamayapti. Tegishli davlat tashkilotlari “Otangga bor, onangga bor!” qabilida ish tutmoqda. Bir murojaatni o‘rganish mashaqqatini jurnalistdan so‘rash kerak, ayniqsa gap yer, ko‘chmas mulk yoki yirik tadbirkorlar aralashuvidagi ishlarga aloqador bo‘lsa.

Ba’zida davlat tashkilotlari xodimlari yoki boshqa ikkinchi tomon vakillari jurnalistlarni bir yoqlama axborot tarqatishda ayblaydi, ammo tanganing ikkinchi tomonini bee’tibor qoldiradi. Ya’ni, ko‘pincha ikkinchi tomondan ma’lumot va munosabat olish uchun jurnalistlar bir emas, bir necha marotaba murojaat qiladi, kutadi va oxirida “biz bilmaymiz” yoki "bizning ish emas" degan javobni oladi. Ko‘pincha murojaatlarning tashkilotlararo “koptok qilinishi”, javob bermaslik yoki javob berilgan taqdirda ham o‘zidan soqit qilish uchungina yuzaki yondashish ham kuzatiladi. Bu aslida OAVda yoritilayotgan murojaatlar asosidagi materiallarning ta’sir kuchi yo‘qolib borayotgani va qasddan e’tiborsiz qoldirilayotganidan darak beradi.

Ta’kidlash joizki, qonunchilik OAV va davlat organlari munosabatlarini aniq tartibga soladi, ammo unga amal qilishda ko‘pincha oqsoqlikka yo‘l qo‘yiladi. Xususan:

“Ommaviy axborot vositalari tahririyatlaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi”, deyiladi “Murojaatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasida.

Yoki “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunning 351-moddasidan ham parcha keltirish mumkin:

“Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek, mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan yetti kun muddatda ko‘rib chiqiladi”.

Ammo bunday qonunlarning faqatgina qog‘ozda qolib ketayotgani, OAVning ta’sir kuchi va qudrati yo‘qlikka yuz tutayotgani hafsalani pir qiladi. Vaholanki, ideal jamiyatda OAVda yoritilgan materialga davlat organlari adekvatlik va tolerantlik bilan munosabatda bo‘lishi, soddaroq aytganda, o‘z vazifasini bajarishi – holatning OAVga olib chiqilishiga qadar yetib borganiga javobgarlik o‘laroq izoh berishi lozim. Chunki tegishli tashkilotlarda hal bo‘lmagan masalalargina keng jamoatchilikka olib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Toshkent shahar hokimligi Ortiqxo'jaev “Toshkent City”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing