Biror voqea yuz berishini kutib o‘tirmasligimiz kerak – Tanzila Norboyeva bolalar himoyasi haqida
Jamiyat
−
15:46 306 3 daqiqa
Tanzila Norboyeva davlat organlari bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga faqat shov-shuvli voqealardan keyin munosabat bildirmasdan, ularning oldini olish va qonunlar amalda qanday ishlayotganini doimiy tahlil qilishi kerakligini aytdi. Bu haqda u bugun, 2 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida so‘z ochdi.
Ushbu majlisda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Majlisda Norboyevaning aytishicha, adliya organlarining asosiy vazifalaridan biri qonunlarning amalda qo‘llanilishini o‘rganish va mavjud muammolar bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
“Har doim qandaydir voqea bo‘lishini kutib o‘tirib, munosabat bildirishimiz kerak emas. O‘zi adliyaning vazifasi – qonunchilikning amalda qo‘llanilishini doimiy ravishda tahlil qilib borishdir”, deydi u.
Shuningdek, Adliya vazirligi bolalar va ularning qonuniy vakillariga yuridik yordam olish imkoniyatini ta’minlashi, himoya so‘rab murojaat qilish tartibini tushuntirishi hamda zarur hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashishi lozimligi aytildi.
Norboyeva maktab, mahalla va bolalar muassasalari xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish ham muhim vazifa ekanini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar bilan yaqin ishlaydigan o‘qituvchilar, murabbiylar, mahalla faollari va boshqa xodimlar zo‘ravonlik alomatlarini aniqlash, bu haqda xabar berish tartibi hamda holatni yashirganlik uchun javobgarlikni bilishi kerak.
“Qolgan jamoatchilikni jalb qilgan holda zo‘ravonlik alomatlarini aniqlash, bu haqda xabar berish majburiyati, harakat qilish tartibi, holatlarni yashirish uchun javobgarlikni amaliy misollar asosida tushuntirib borishingiz kerak”, deydi Senat raisi.
U Adliya vazirligi mas’ul idoralar bilan birgalikda bolalarni himoya qilish mexanizmlarini ham muntazam tahlil qilishi zarurligini ta’kidlagan. Xususan, zo‘ravonlik haqidagi xabarni kim qabul qilishi, u qayerga va qaysi muddatda yetkazilishi, bolaning keyingi himoyasi uchun kim mas’ul ekani aniq belgilanishi kerak.
“Asosiy talab – bolalarning huquqiy himoyasi amalda ishlashi kerak”, deydi Norboyeva.
Senat raisi adliya organlari faoliyati o‘tkazilgan tadbirlar soniga qarab emas, balki bartaraf etilgan huquqiy to‘siqlar va bolalarga ko‘rsatilayotgan amaliy yordam natijalariga qarab baholanishi lozimligini aytgan.
Shuningdek, u aniqlangan huquqiy to‘siqlar, ularni bartaraf etish choralari, ko‘rsatilgan yuridik yordam va tiklangan huquqlar bo‘yicha yuqori tashkilotlarga muntazam axborot berib borish zarurligini ta’kidlagan.
Norboyeva bugun qabul qilinayotgan qonun va choralar bunday mexanizmlarni avvalroq joriy etish zarur bo‘lganini ko‘rsatayotganini ham aytgan.
“Bu qonun va yordamlar mana shu dahshatli voqeadan keyin qabul qilinayotganligi ham, bundoq qaraganda, buni oldinroq qilishimiz kerakligini ko‘rsatadi. Mana shunday voqealar bo‘lmas edi, balki”, deydi u.
Senat raisi qonun Prezident tomonidan imzolanganidan keyin Adliya vazirligi alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, uni tizimning quyi bo‘g‘inlarigacha yetkazishi kerakligini bildirgan. Mahalliy Kengashlar esa ushbu vazifalarni joylarda adliya organlari bilan birgalikda ta’minlashi zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini nazarda tutuvchi qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun Prezidentga yuborilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi