30 yil xizmat qilgan harbiylarning pensiyasi 100 foizgacha oshiriladi
Jamiyat
−
08 avgust 7605 2 daqiqa
Kecha, 7 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilarning pensiyasini hisoblashning eng yuqori miqdorini 75 foizdan 100 foizga oshirishni nazarda tutuvchi “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar berdi.
Yangi qonun bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini davlat pensiyasi bilan ta’minlash masalalari yagona tartibda belgilab berilmoqda. Hujjatda pensiya olish huquqiga ega shaxslar doirasi, xizmat yillari uchun pensiya, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash, hisoblash, qayta hisoblash hamda to‘lash tartibi belgilanadi.
Qayd etilishicha, shu vaqtga qadar mazkur sohadagi munosabatlar asosan sobiq Ittifoq davrida qabul qilingan hujjatlar va ayrim xalqaro kelishuvlar asosida tartibga solingan.
Yangi qonun esa ushbu masalalarni O‘zbekiston Konstitutsiyasi va milliy qonunchilik asosida mustahkamlaydi. Shuningdek, xizmat vaqtida halok bo‘lgan yoki xizmat davrida olgan jarohati yoki kasalligi oqibatida vafot etgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini pensiya bilan ta’minlash bo‘yicha kafolatlar kuchaytiriladi.
Senatorlar muhokama yakunida mazkur qonunni ma’qullagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida Senat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi hamda vakolatlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust