Senat Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomini belgilovchi qonunni ma’qulladi

Jamiyat

image

Kecha, 7 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida Senat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi hamda vakolatlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.

Qonunda Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorligi hamda aloqalari huquqiy tartibga solinmoqda.

Ma’lum qilinishicha, qonunni tayyorlash jarayonida bir qator xorijiy davlatlar, xususan, AQSH, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar tajribalari o‘rganilgan hamda tahlil qilingan. Qonunni ma’qullash jarayonlari Senatning rasmiy internet platformalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etilgan.

Senatorlarning fikricha, Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qullagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 avgust kuni mazkur qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan va qabul qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing