O‘zbekistonda OAV majburan yangi alifboga o‘tkazilishi mumkin (video)

Jamiyat

image

O‘zbekistonda o‘zbek alifbosini takomillashtirish haqidagi qonun kuchga kirgach, ommaviy axborot vositalari va rasmiy ish yuritishni yagona yangilangan alifboga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev ma’lum qildi.

Mazkur masalaga Senat majlisida senator Husan Ermatov ham e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, O‘zbekistonda hozircha kirill va amaldagi lotin yozuvidan bir paytning o‘zida foydalanilmoqda. Senatorning so‘zlariga ko‘ra, yangi alifboga o‘tishda aniq muddatlar belgilanmasa, mamlakatda uch xil alifbodan foydalanish holati yuzaga kelishi mumkin.

“Xohlaymizmi-yo‘qmi, gazetalar haligacha kirill alifbosida chiqmoqda. Lotin alifbosiga hali to‘liq o‘ta olmadik. Lotin alifbosini tanlagan bo‘lsak-da, unga o‘tishga qat’iyatimiz yetishmagani ham bunga sabab bo‘ldi”, deydi Husan Ermatov.

Ermatovning qayd etishicha, yangi alifboga o‘tish jarayonida pasport va boshqa hujjatlar, manzil belgilaridan tashqari, ommaviy axborot vositalari uchun ham aniq muddat belgilanishi kerak. Uning fikricha, OAV yangi tizimga o‘tishga oldindan tayyorlanishi lozim.

“Agar bu yerda ham yetarlicha qat’iyat bo‘lmasa, mening nazarimda, voqelikda bizda bir vaqtning o‘zida uchta alifbo ishlatilishi mumkin”, dedi senator.

Shuningdek, u yangi alifboda “O‘”, “G‘”, “Sh” va “Ch” harflarining shakli o‘zgarayotganiga e’tibor qaratib, ularni davlat axborot tizimlari, elektron hukumat platformalari, elektron hujjat aylanishi va ma’lumotlar bazalarida qo‘llash uchun texnik ishlar qanday ketayotganini so‘ragan.

Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev esa yangi alifboga o‘tish uchun zarur texnik ishlar boshlanganini ma’lum qilgan. Jumladan, yangi harflarni qo‘llash imkonini beruvchi klaviaturalar hamda matnlarni bir alifbodan boshqasiga o‘giruvchi dasturlarni amaliyotga joriy etish ishlari boshlangan.

“Mana shu klaviaturalar yoki o‘sha matnlarni o‘giruvchi dasturlarni amaliyotga joriy qilish boshlandi”, deydi Nodirjon Xolbo‘tayev.

Departament rahbari O‘zbekiston uzoq vaqt davomida ikki alifbo o‘rtasida qolib ketganini ham tan olgan. Uning aytishicha, yangi alifbo haqidagi qonunning qabul qilinishi bu masalaga yakuniy nuqta qo‘yish uchun imkon beradi.

“Haqiqatan ham biz ikki alifbo orasida juda ko‘p, to‘g‘risi, adashuvda yurdik. Aynan bugun hurmatli Prezidentimizning tashabbusi, irodasi bilan shu ikki alifbolikka biz chek qo‘yish arafasida turibmiz”, deydi u.

Xolbo‘tayevning ta’kidlashicha, yangi qonun kuchga kirgach, alifbodan foydalanish masalasi qat’iy kun tartibiga qo‘yiladi. Bunda, avvalo, ommaviy axborot vositalarini yagona standartlashtirilgan va tasdiqlangan alifboga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

“O‘sha qonun kuchga kirgandan keyin barcha ommaviy axborot vositalari yagona standartga aylangan, tasdiqlangan, takomillashtirilgan alifboda ish yuritishini qat’iy qilib qo‘yishni rejalashtiryapmiz”, deydi departament rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday talab davlat idoralari va boshqa rasmiy ish yuritish jarayonlariga ham tatbiq etiladi. Ya’ni rasmiy hujjatlar va davlat tashkilotlarining ish yuritishida yagona yangilangan alifbodan foydalanish belgilanishi kutilmoqda.

Biroq bu talab fuqarolarning shaxsiy yozishmalariga taalluqli bo‘lmaydi. Fuqarolar o‘zaro yozishmalarda o‘zlari o‘rgangan alifbodan foydalanishi mumkin.

“Albatta, fuqarolar o‘zlarining erkin yozishmalarida o‘zlari o‘rgangan alifbolardan foydalanishi mumkin. Lekin rasmiy ish yuritish va rasmiy ommaviy axborot vositalarida to‘liq bu jarayonga o‘tishni kun tartibiga qo‘yamiz”, dedi u.

Departament rahbari yangi alifboga o‘tish uchun texnologik sharoitlar yaratish, mutaxassislarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish, shuningdek, tegishli qo‘llanmalarni tayyorlash bo‘yicha ishlar ham olib borilishini aytdi.

Uning qayd etishicha, bu boradagi zarur choralar Vazirlar Mahkamasining hozir ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar dasturida aks ettiriladi.

“Aholiga, mutaxassislarga qulay nima zarurat bo‘lsa, yuqorida ta’kidlangan Vazirlar Mahkamasining hozir ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar dasturida ko‘ramiz”, dedi Nodirjon Xolbo‘tayev.

Hozircha OAVning yangi alifboga o‘tishi uchun aniq sana belgilanmagan. Mazkur muddat va o‘tish tartibi Vazirlar Mahkamasining tegishli chora-tadbirlar dasturi doirasida belgilanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing