O‘zbekistonda aholi qarzi 610 trln so‘mga yetdi. Markaziy bank xavotirda
Jamiyat
−
16:36 2580 4 daqiqa
O‘zbekistonda aholining banklar oldidagi qarzdorligi so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshgan. Markaziy bank bu holatni xavotirli deb baholamoqda. Biroq regulyatorni kreditlar hajmining o‘sishidan ko‘ra, fuqarolarning olgan qarzlarini qaytara olish imkoniyati ko‘proq tashvishga solmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida ma’lum qildi.
Senator Husan Ermatovning ta’kidlashicha, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida aholining kreditlari 21,2 foizga oshgan. Olti yil davomida esa aholining qarzlari besh barobardan ko‘proqqa ko‘paygan.
Ermatov Markaziy bank vakilidan aholining qarz yukini kamaytirish, shuningdek, kredit va mikrozaymlar reklamasida moliyaviy xavflar haqida majburiy ogohlantirish berish taklifining ta’siri haqida so‘ragan.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov vaziyat chindan ham xavotirli ekanini bildirdi.
“Bu haqiqatdan xavotirli holat. Oxirgi yillarda mana shunday o‘sish kuzatildi. Ilgari, masalan, banklardan kredit olish umuman jismoniy shaxsga deyarli imkonsiz edi. Oxirgi yillarda mana shu qilingan islohotlar natijasida nafaqat raqamlar, balki mana shu sifati ham oshdi degan umiddamiz”, deydi u.
Shu bilan birga, Markaziy bank raisi o‘rinbosari kreditlar hajmining oshishiga avvalgi yillarda aholining bank kreditlaridan foydalanish imkoniyati cheklangani va qoplanmagan talab ham ta’sir qilganini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bankning asosiy xavotiri kreditlar hajmining o‘sishi emas, balki aholining mavjud qarzlariga xizmat ko‘rsatish qobiliyati bilan bog‘liq.
“Mana shu bizning asosiy xavotirimiz – bu raqamlar o‘sgandan emas, ko‘proq to‘g‘ri aytib o‘tdingiz, qarz yukining o‘sishi. Ya’ni, aholi mana shu qarzga qanchalik xizmat ko‘rsata oladi? Mana shu raqamlarning o‘sishi bizni ko‘proq xavotirga soladi”, deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Nosirov Markaziy bank tomonidan aholining qarz yukini tartibga solish uchun qator me’yorlar joriy etilganini aytgan. Xususan, qarzga xizmat ko‘rsatish ko‘rsatkichi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra fuqaroning oylik daromadining 50 foizidan ko‘pi kredit to‘lovlariga yo‘naltirilmasligi kerak.
Bundan tashqari, joriy yil boshida qarzning daromadga nisbati bo‘yicha ham cheklov o‘rnatilgan. Unga ko‘ra, rasmiy daromadga ega bo‘lgan fuqaro daromadining sakkiz barobaridan, norasmiy daromadga ega bo‘lgan fuqaro esa besh barobaridan ortiq miqdorda kredit olishi mumkin emas.
Shuningdek, Markaziy bank iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha choralarni kuchaytirgan.
Nosirovning aytishicha, aholining qarz yukining yalpi ichki mahsulotga nisbati avval 18-19 foiz atrofida bo‘lgan va o‘sish tendensiyasini ko‘rsatgan. Hozir esa bu ko‘rsatkich 17 foizga tushgan. 2025 yilda ham biroz kamayish kuzatilgan.
Markaziy bank vakili kredit va mikroqarzlar reklamasida moliyaviy xavflar haqida majburiy ogohlantirish berish taklifi qarz yukini bevosita kamaytirmasligini, biroq aholining xabardorligini oshirishini ta’kidlagan.
“Bu ham, demak, bevosita qarz yukini to‘xtatishga xizmat qilmasa ham, lekin bu odamlarning ongli ravishda xabardorligini oshiradi. Bu mana shu reklama orqali chalg‘itish yoki boshqa holatlarning oldini oladi. Bundan tashqari, ongli ravishda qaror qabul qilishga undaydi ”, deydi u.
Uning qayd etishicha, bunday ogohlantirish orqali fuqarolar kreditning salbiy jihatlarini ham ko‘rishi va aholida ham, banklarda ham mas’uliyatli kreditlash madaniyatini oshirish mumkin.
Nosirov ushbu masala bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganilganini ham aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada bunday choralar qo‘llanganidan keyin kredit bozori faolligi qisqarmagan holda, qarzga xizmat ko‘rsatish yaxshilangan va muddati o‘tgan qarzdorlik kamaygan.
Shuningdek, senator Rustam Xolmurodov Markaziy bankning moliyaviy barqarorlikka oid ma’lumotlariga tayanib, aholining qarz majburiyatlarining 93 foizi bank kreditlariga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, joriy yilning 1 fevral holatiga 9,3 million qarz oluvchining jami 610 trillion so‘mlik kredit qarzdorligi mavjud bo‘lgan. Shundan 376 mingta kredit shartnomasi bo‘yicha 19 milliard so‘mlik qarzdorlik muammoli kreditlar toifasiga o‘tgan.
Markaziy bankning 2025 yil iyul oyida o‘tkazgan so‘rovnomasida respondentlarning 73 foizi banklar yoki nobank tashkilotlar oldida qarzi borligini bildirgan. 61 foiz respondent esa qarz majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi