Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Jamiyat

image

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Markaziy bank boshqaruvi bugun, 16 sentyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Shuningdek, qayd etilishicha, inflyatsiya pasayishda davom etmoqda. Regulyatorga ko‘ra, avgust oyida umumiy inflyatsiya 6,2 foizni, bazaviy inflyatsiya esa 5,5 foizni ko‘rsatgan.

Iqtisodiyotda ayrim muvozanatlashuv belgilari kuzatilayotgan bo‘lsa-da, inflyatsion bosimlar hamon saqlanib qolmoqda. Xususan, inflyatsion kutilmalarning pasayishi umumiy inflyatsiyaga nisbatan sekinroq kechmoqda. 

Jahon xomashyo, oziq-ovqat va energiya narxlarining yuqori darajasi hamda tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirish jarayoni asosiy inflyatsion xatarlar sifatida baholanmoqda.

Bildirilishicha, ijobiy real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Markaziy bank inflyatsiyani 2027 yil yakuniga qadar 5% maqsadli ko‘rsatkichiga tushirish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlashda davom etadi.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yil 28 oktyabr kuniga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 iyul kungi majlisda ham Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing