Yangi alifbo uchun klaviaturada alohida tugmalar paydo bo‘ladi
Jamiyat
−
15:34 512 3 daqiqa
O‘zbekistonda yangi o‘zbek alifbosiga o‘tish jarayonida kompyuter klaviaturalarida Ö, Ğ, Ş va Ç harflari uchun alohida tugmalar paydo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, davlat axborot tizimlari, elektron hukumat platformalari, ma’lumotlar bazalari va elektron hujjat aylanishi ham yangi alifboga moslashtiriladi. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev ma’lum qildi.
Masala senator Husan Ermatov tomonidan ko‘tarilgan. U yangi alifboda to‘rtta harfning shakli o‘zgarishi munosabati bilan ularni davlat axborot tizimlarida qo‘llash uchun texnik tayyorgarlik qanday ketayotganini so‘ragan.
Xususan, senator davlat axborot tizimlari, elektron hukumat platformalari, elektron hujjat aylanishi va ma’lumotlar bazalarini yangi harflarga moslashtirish masalasiga oydinlik kiritishni so‘ragan.
Uning savoliga Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Nurilla Abdullayev javob bergan. Uning aytishicha, bu borada Vazirlar Mahkamasi va Senat bilan hamkorlikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
“Qonun qabul qilinishi bilan bu rejalarni amalga oshirishga o‘tamiz”, deydi Nurilla Abdullayev.
U yangi alifboga o‘tish jarayonida yagona texnik standart ishlab chiqilishi, ma’lumotlar bazalari auditdan o‘tkazilishi va ulardagi Ö, Ğ, Ş va Ç harflari avtomatik ravishda almashtirilishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, axborot tizimlari o‘rtasidagi integratsiya va ma’lumotlar almashinuvi, elektron hujjat aylanishi ham yangi alifboga moslashtiriladi. Fuqarolarga oid ma’lumotlarni migratsiya qilish, qidiruv va identifikatsiya mexanizmlarini takomillashtirish ham rejalashtirilgan.
“Birinchidan, biz bu jarayonda yagona texnik standart ishlab chiqamiz. Ikkinchidan, ma’lumotlar bazalari auditdan o‘tkaziladi va ularda mavjud O‘, G‘, Sh, Ch kabi harflar avtomatik ravishda almashtiriladi. Uchinchidan, integratsiya va ma’lumotlar almashinuvi moslashtiriladi. To‘rtinchidan, elektron hujjat aylanishi moslashtiriladi. Beshinchidan, fuqarolar va ma’lumotlarni migratsiya qilish jarayonlari amalga oshiriladi. Oltinchidan, qidiruv va identifikatsiya mexanizmlari takomillashtiriladi”, dedi u.
Abdullayevning ta’kidlashicha, Ö, Ğ, Ş va Ç harflari boshqa davlatlarda ham qo‘llanilayotgani uchun ularni texnik tizimlarga joriy qilish nisbatan oson kechishi mumkin.
Yangi alifboda kompyuterda yozish masalasiga Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, mutaxassislar klaviaturalarni yangi alifboga moslashtirish bo‘yicha takliflarni allaqachon ishlab chiqmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, klaviaturadagi bo‘sh tugmalarga yangi to‘rtta harfni joylashtirish mumkin. Bu yangi harflarni yozishni ancha osonlashtiradi.
“Juda qisqa fursat ichida o‘sha bo‘sh kataklarga harflar joylashadi va biz besh-olti harakat bilan emas, bitta tugmani bosganda o‘sha bizga qiyinchilik tug‘dirayotgan harflarni yozish imkoniga ega bo‘lamiz”, dedi Xolbo‘tayev.
Departament rahbari yangi alifboga o‘tish uchun maxsus dasturlar ham paydo bo‘layotganini aytdi. Uning ma’lum qilishicha, ayrim xususiy raqamli texnologiya mutaxassislari rasmiy qonun hali qabul qilinmasidan turib, matnlarni yangi alifboga o‘giruvchi dasturlarni ishlab chiqishni boshlagan.
Bunday dasturlar kirill yozuvi yoki hozir amalda bo‘lgan lotin yozuvidagi matnlarni yangi alifboga avtomatik tarzda o‘girish imkonini beradi.
“Hali biz qonunni qabul qilmasdan bugun aholining bu dasturlardan foydalanish imkoniyati bor. Raqamli texnologiyalar mutaxassislari bunga chanqoq edi, tashna edi. Bugun shu yangilikni xursandchilik bilan qabul qilib, hech qanday topshiriqsiz, o‘zlarining tashabbusi bilan shu klaviaturalar yoki o‘sha matnlarni o‘giruvchi dasturlarni amaliyotga joriy qilib boshladi”, deydi Nodirjon Xolbo‘tayev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi