2027 yildan 1-sinf darsliklari yangi alifboda chop etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 1-sinf darsliklari 2027 yildan yangi alifboda chiqa boshlaydi. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Azizbek Turdiyev ma’lum qildi.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, maktab darsliklari sinflar kesimida yangilanib boradi. Masalan, birinchi sinflar uchun har yili darslik shundoq ham yangilanadi. Ikkinchi-to‘rtinchi sinflar uchun darsliklarni yangilash davriyligi esa uch yilni tashkil qiladi. 5-11-sinflar uchun har besh yilda bir marta darsliklar yangilanadi. 

“Demak, 2027 yil, keyingi yildan boshlab, qonun kuchga kirgandan keyin, biz birinchi sinf darsliklarini shundoq ham yangi alifboda chop etamiz va hozir aytib o‘tganimdek, 2027 yildan boshlab 2031 yilga qadar barcha darsliklarimiz to‘liq yangilanadi”, deydi Turdiyev.

Qolgan yuqori sinflarning darsliklari esa parallel ravishda yangilanib boradi. Vazir o‘rinbosarining bildirishicha, mazkur nuqtai nazardan maktab darsliklarini yangi alifboga o‘tkazish qo‘shimcha mablag‘ talab qilmaydi.

Turdiyev, shuningdek, joriy yilning 24-28 avgust kunlari maktabgacha ta’lim tizimida yangi alifbo joriy etilayotganligi munosabati bilan o‘quv seminarlari tashkil qilinganini aytib o‘tgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullani xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing