Senat yangi o‘zbek alifbosi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Jamiyat

image

Bugun, 10 sentyabr kuni Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, qonun bilan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, yangi tahrirdagi alifboga o‘tish jarayonida fuqarolar va tashkilotlarning huquq va manfaatlarini inobatga olish maqsadida qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilinmasligi belgilanmoqda. 

Ma’lum qilinishicha, qonun ijrosi to‘liq ta’minlanguniga qadar davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlardan esa ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.

Senatorlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish, davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, o‘zbek tilini raqamlashtirish jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bildirilishicha, muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qullagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyul kuni “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing