Alifbo o‘zgaryapti: hujjatlar va pullar o‘z kuchida qoladimi?
Jamiyat
−
20:41 1813 2 daqiqa
Bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonunni imzoladi. Ushbu qonun bilan alifbo o‘zgarishidan oldin chiqarilgan hujjatlar va pullar o‘z kuchini saqlab qoladigan bo‘ldi. Bu haqda hujjatning 2-moddasida keltirilgan.
Hujjatga ko‘ra, “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.



Qonun kuchga kirguniga qadar lotin alifbosining avvalgi shakllaridan foydalangan holda rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi hamda muomalada bo‘lishi mumkin.
Davlat organlari va tashkilotlarining ramzlari hamda boshqa atributlari, binolardagi Davlat gerbining bo‘rtma tasvirlari, shuningdek, geografik ob’ektlar nomlari yozilgan peshlavha va ko‘rsatkichlar avvalgi harf shakllarida bo‘lsa, ular eskirgunga qadar yoki qonunni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan muddatlarga qadar foydalanilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi ushbu qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlashi zarur. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu qonunga muvofiqlashtiradi, ijrosini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturini ikki oy muddatda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan edi.
Live
Barchasi