Uzoq yillik tarixiy xato tuzatildi – Saida Mirziyoyeva alifbo o‘zgartirilishi haqida
Jamiyat
−
14:21 2106 2 daqiqa
Bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva buni uzoq yillik tarixiy xatoning tuzatilishi, deb atadi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Nihoyat, uzoq yillik tarixiy xato tuzatildi. Bugun Prezidentimiz lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladilar”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari bu yillar davomida bahslarga sabab bo‘layotgan va oxiri ko‘rinmayotgan masala bo‘lganini qayd etgan. Saida Mirziyoyeva 2023 yil 11 dekabrda jadidlar merosiga bag‘ishlangan konferensiyadagi nutqida alifboni tuzatish tashabbusini ilgari surgan holda, mazkur bahslarga nuqta qo‘yish vaqti kelganini aytganini eslatgan.
“Albatta, o‘zgarishlar oson kechmaydi, kimlardadir e’tiroz yoki xavotir uyg‘otishi ham tabiiy. Lekin, ishoning, yozuvimizdagi noqulayliklarga barham berish va tilimizning raqamli makondagi o‘rnini mustahkamlash uchun boshqa yo‘l yo‘q edi”, deydi u.
Saida Mirziyoyevaning bildirishicha, amaldagi barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z kuchida qoladi, darslik, peshlavha va ko‘rsatkiçlar esa yaroqlilik muddati tugagach, bosqichma-bosqich almashtiriladi.

“Ushbu qonunning 21 oktyabr kuni qabul qilinishida chuqur ramziy ma’no bor. Tuzatilgan alifbomiz ma’rifatparvar ajdodlarimiz orzusi, yoshlarimiz savodxonligi va tilimiz mavqeini yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonaman.
Barchangizni O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabriklayman!” deydi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan edi.
Live
Barchasi20 Oktyabr