Milliy sertifikat imtihoni yangi alifboda o‘tkaziladimi?
Jamiyat
−
09:20 554 1 daqiqa
Joriy yilning 24–26 oktyabr kunlari ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlari amaldagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida o‘tkaziladi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, imtihon uchun test materiallari amaldagi o‘zbek alifbosida tayyorlangan. Ochiq turdagi test topshiriqlarining javoblari hamda yozma ishlar, ya’ni esselar ham shu alifboda yozilishi kerak.
Agentlik yangi alifboni joriy etish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, yangi alifbo olti oydan so‘ng kuchga kirishini eslatgan. Shu sababli hozircha agentlik tomonidan o‘tkaziladigan imtihonlarda yangi alifbodan emas, amaldagi alifbodan foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullangandi. Joriy yilning 21 oktyabr kuni esa Prezident Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonunni imzolagan edi.
Live
Barchasi23 Oktyabr