Allamjonovning gaplari yuragimizga hanjardek sanchildi – Husan Ermatov (videointervyu)

Intervyu 18964

QALAMPIR.UZ’ning Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov bilan taqdim etgan intervyusida gazetalarning ertangi kuni bilan bog‘liq aytilgan fikrlar jamoatchilik orasida kun tartibiga chiqdi. Unda Allamjonov anchadan buyon gazeta o‘qimay qo‘ygani, mamlakatdagi aksariyat gazetalar zamon talablariga mos ravishda ishlamayotganini aytib, gazetalar rahbarlariga pandemiya davridagi o‘zgarishlardan xulosa qilib, gazetalarning internet sahifalarini ham ishga tushirishni taklif qilgandi. Ammo, ushbu fikrlar matbuotda ko‘p yillik tajribaga ega ustoz jurnalistlar, otaxon nashrlar rahbarlarining e’tiroziga sabab bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, QALAMPIR.UZ ularga ham mikrofon tutdi. Suhbatdoshimiz “Ishonch” gazetasi bosh muharriri Husan Ermatov. 

Aslida bu masala atrofida siz, men, ular degan tushunchalar yo‘q. Mavzu haqida fikr bildirgan har kishi uning qaysi jihatiga e’tibor qaratishidan qat’i nazar unga daxldor va gazetalar uchun yaxshi bo‘lishini, ular kutilayotgan inqiroz davrida yashab qolishini istaydi. 

“Suhbbatda Amerika yangidan kashf qilinmagan. Bu muammolarni bugun bilganimiz yo‘q, ular anchadan beri bor. Avvalo, gazetalar nima uchun mana shunday ahvolga kelib qoldi degan savolni qo‘yaylik. Bunda baribir o‘tgan davrga nazar tashlashga majbur bo‘lamiz. Bizda gazetachilik, matbuot sovet tizimida qolib ketgan edi. Gazetalardan jamiyat o‘zini madh etish, siyosatini yuritish uchun foydalandi. Buning uchun gazetalarga shunday sharoit yaratib berdiki, mana seni yo‘nalishing, mana shu yo‘nalishda ijod qilasan, mana senga obuna, mana senga oylik. Ko‘pchilik “davlatning pulini yegandan keyin u qilish kerak, bu qilish kerak”, deydi. Hozir davlatning pulini yeb o‘tirgan birorta ham nashr yo‘q. “Xalq so‘zi”dan tortib partiya nashrlarigacha obunaning hisobidan ishlayapti. Obunaga o‘tgan uch yil ichida biz juda qaqshatqich zarba berdik. Bu bilan biz shu sohani o‘ldirishga yaqin joyga olib bordik. Bunga xizmat qilgan odamlarni biz juda yaxshi bilamiz”, deydi Husan Ermatov. 

Ustoz jurnalist so‘zida davom etarkan, OAV qatorida matbuotning o‘rni bo‘lakcha ekanini alohida e’tirof etib, bugun bu yo‘nalishda ishlayotganlar muammolarini qaysi eshikka borib aytishni bilmayotganini qayd etadi. 

“Biz bu muammolarni bilamiz. Ularni hal qilish uchun bosh urib boradigan joylarimiz qayer edi? Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi. Komiljon mana shu sohaning mutasaddisi sifatida bizlarni chaqirib, “Baraka topgurlar, ahvollaring yaxshimas, nima qilsak, shu holatdan chiqish mumkin”, deb boshimizni qovushtirishi kerak edi. Nimagadir bizning bosma nashrlarimizda hamjihatlik yo‘q. Meni qalbimni og‘ritadigan masala ham shu. Aslida bizda gazetalarimizning yashashi uchun anchagina motivatsiya, asos bor. Chunki, gazeta o‘qib, hayotini gazetasiz tasavvur qila olmaydigan odamlarimiz juda ko‘p”, deydi jurnalist. 

2017 yilgacha O‘zbekistonda davlat nashrlari yoki davlat tashkilotlari muassisligidagi gazetalar obuna deya atalmish asli ixtiyoriy, amalda esa majburiy kampaniya ortidan kun ko‘rgan. Sekin-sekin emas, balki birdaniga majburiy obunaning ildiziga bolta urilishi ko‘plab gazetalarni tang ahvolga tushirib qo‘ydi. Tahririyatlar xodimlariga oylik to‘lash nari tursin, ularni ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Ayrim gazetalar bir necha oyga faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi. 

O‘zbekistonda ham boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi oxirgi ikki yilda onlayn-nashrlar faoliyati rivojlandi. Odamlar asosiy yangiliklarni bir hafta kechikib chiqadigan gazetalardan emas, saytlardan olishga o‘rgandi. Bugun pandemiya davrida gazetalarning ko‘plari karantin tartibidan kelib chiqib, faoliyatini to‘xtatdi. Shunda ham internet-saytlar faoliyatini davom ettirmoqda. Allamjonovga ko‘ra, agar o‘sha gazetalar ham o‘z vaqtida otni qamchilab, internet nashrlarini ishga tushirganda edi, ertangi kundan xavfsiramagan bo‘lardi. Bunga munosabat bildirarkan, Husan Ermatov shunday deydi: 

“Saytlarimiz rivojlanyapti. Rivojlansin. Biz ham ulardan foydalanamiz. Ular boshida juda yaxshi rivojlandi, lekin hozir avjida deb ayta olmaymiz. E’tirozim yo‘q, saytlarning rivojlangani jamiyat uchun yaxshi. Bizning nonimiz bilan saytlarning noni boshqa-boshqa. Biz hech qachon non talashmasligimiz kerak. Ularni bir-biriga qarama qarshi qo‘yish noto‘g‘ri. Informatsiya degani faqat xabardan iborat emas. Informatsiya – bu ma’rifat. Shu ma’noda ko‘nglimiz juda og‘ridi. Buni pandemiyaga bog‘lash kerakmas. Qani ayting, pandemiya davrida qaysi soha rivojlanib ketdi?”

Kuni kecha Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda QALAMPIR.UZ ta’sischisi – jurnalist Qamariddin Shayxov ham ishtirok etdi. Yig‘ilishda pandemiyadan keyin kutilayotgan iqtisodiy inqiroz va uning OAVga ta’siri masalalari muhokama qilindi. Husan Ermatovga ushbu yig‘ilish haqida so‘z ochilganda, u Jamoatchilik kengashiga birorta gazeta muharriri a’zo emasligining o‘zi xato ekanini ta’kidladi. 

“Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining yig‘ilishida gazetalarning ahvoli ham muhokama qilinibdi. Nega bu kengashda birorta ham gazetaning bosh muharriri yo‘q? Bu hech kimni ajablantirmayaptimi? 

Ilgari gazetalar jamiyatga kerak edi. Mana shuncha gazeta chiqyapti, shuncha soni bor, shuncha adadi bor deyilardi. Majburiy obuna deb maktablarda ota-onalardan pul yig‘ildi. Vaholanki, shuning ortidan gazetalar o‘ldi. Gazetalarning saviyasi, unda chiqadigan materiallar haqida hech kim jiddiy shug‘ullangan emas. Faqatgina maddohbozlik bilan shug‘ullangan, desak ham bo‘ladi. Albatta, bu aybni 100 foiz hammasiga qo‘yolmayman. 

To‘g‘risi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisining “men gazeta o‘qimay qo‘yganimga ancha bo‘ldi” degan gapi yuragimizga xanjardek sanchildi. 

Biz eng kerakli joylarda gazeta o‘qish madaniyatini shakllantira olmayapmiz, yo‘qotib qo‘yganmiz. Bizning gazetamizni o‘qib turib, keyin fikr bildirsalaring, bu halol bo‘lardi. Hozir gazetalarga tashqaridan turib baho beradiganlar ko‘payib ketdi. Bu qora mehnat qilib, ko‘zining nurini, butun umrini shu ishga bag‘ishlagan odamlarga hurmatsizlik”.

Gap qanday uslubda yetkazilishi emas, uning ortida yotgan maqsad ustun. Ikkisini taroziga qo‘yilsa, maqsad og‘irroq kelishi aniq. Haqiqat esa achchiq bo‘ladi. Bugun gazetalarni ko‘pchilik o‘qimay qo‘ygani rost. Bunga bir kishi yo bir gazeta aybdor emas. Butun boshli davr bugungi gazetalarni jar yoqasiga olib kelgandek. 

QALAMPIR.UZ ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali “Siz gazeta o‘qib turasizmi” degan savol bilan o‘quvchilarga yuzlandi. So‘rovnomada ishtirok etgan 17 ming kishining 17 foizi yoki 2876 kishi ha deb javob berdi. Respondentlarning 48 foizi yoki 8337 kishi yo‘q deb javob qaytardi. 21 foiz ishtirokchi yoki 3652 kishi ba’zan degan javobni tanlagan. 2326 kishi yoki respondentlarning 14 fioizi yaqin ikki yilda umuman gazeta o‘qimaganini aytgan. 

Maqsad mamlakatda faoliyat yuritayotgan gazetalarga kafan tikish emas. Ular yashashi, avlodlardan avlodlarga yetib borishi, matbuotimizning yuzi bo‘lishi kerak. Ammo vaqt o‘z aytganini qiladi. Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq deganlaridek, talabga yarasha taklif qonuniniyatiga rioya qilgan holda gazetalar ham bozorga o‘zini yangicha ko‘rinishda ko‘rsatish vaqti keldi. Bo‘lmasa inqiroz vaqtida ularni saqlab qolish qiyin bo‘ladi. 

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 143
Reyting: 3.5
t
×