Tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini yengillashtirish nega kechikyapti?
Jamiyat
−
12 Sentabr 2020
5509O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yilning 27 iyun kuni imzolangan “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ma’lumot taqdim etmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etganlik, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni belgilash to‘g‘risida takliflar kiritishi belgilangan edi.
Shuningdek, Prezidentning 2019 yil 13 dekabrda qabul qilingan “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2020 yilning may oyigacha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Adliya vazirligi tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo turlarini tayinlashni bekor qilish yuzasidan takliflar tayyorlashi belgilangan edi. Biroq, oradan shuncha vaqt o‘tsa ham bu masalalar qanday hal etilgani, qanday takliflar berilganiyu natijasi nima bo‘lgani jamoatchilikka, jumladan ommaviy axborot vositalariga ham qorong‘uligicha qolmoqda.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva kecha ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida aynan shu masala haqida so‘z ochgandilar. Shu kunning o‘zida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondida jurnalistlar va blogerlar to‘planib, ushbu masalani atroflicha muhokama qildilar.
Ommaviy axborot vositalarini qiynayotgan muammolar, jurnalistlarga nisbatan bosim va tahdid, tazyiqlar borasida fikr almashildi. Allamjonov pandemiya davrida nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda jurnalistlarga nisbatan bosim ortganini aytdi. “Shuning uchun ham xalqaro tashkilotlar ko‘plab davlatlarga pandemiyadan foydalanib, OAVning ovozini yopishga harakat qilmang, degan chaqiriq bilan chiqdi”, deydi u.
So‘nggi yillarda mamlakatda matbuot va so‘z erkinligiga bo‘lgan e’tiborni alqash barobarida mavjud kamchiliklarni ham ko‘zdan qochirib bo‘lmaydi. Davlat rahbari o‘z chiqishlarida orqaga yo‘l yo‘qligi va Yangi O‘zbekistonning bu boradagi irodasi mustahkamlini aytmoqda. Bunda esa ommaviy axborot vositalari o‘zining huquq va erkinligi uchun eng avvalo o‘zi kurashishi kerakligini anglatadi. Fond yig‘ilishida aynan shu xususida so‘z bordi. Allamjonov bu haqida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida shunday yozadi:
“Fondimizda jurnalist va blogerlar bilan uchrashib, tuhmat va haqorat uchun jurnalistlarni ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasini yengillashtirish, jurnalistlarga tazyiq va bosim o‘tkazganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi mexanizmini kuchaytirishga oid Prezident qarorlarida belgilangan masalalarni muhokama qildik.
Hamkasblarimiz bir ovozdan ushbu masalalarni qo‘llab-quvvatladilar va fikr-takliflarini berdilar.
Barcha takliflarni umumlashtirib, Fond nomidan tez kunda AOKA va Adliya vazirligi ishchi guruhiga taqdim etamiz. Bevosita soha vakillarining fikri inobatga olinsa, mexanizmlar yanada aniq, nuqsonsiz ishlaydi, degan umiddamiz”.
Uchrashuvda mamlakatning eng ko‘zga ko‘ringan ommaviy axborot vositalari rahbarlari va vakillari – Gulnoza Husanova (UzReport), Suren Sapov (Gazeta.uz), Muhrim Ag‘zamxo‘jayev (Daryo.uz), Xushnudbek Xudoyberdiyev (O‘zA), Maqsudjon Asqarov (Kun.uz), Qamariddin Shayxov (Qalampir.uz) ishtirok etib, fikr bildirdi.
Gazeta.uz rahbari Suren Sapov ommaviy axborot vositalari xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish muhim ekanini, shuningdek, mamlakatda OAVga doir masalalarda tajribaga ega advokatlarga ehtiyoj kattaligini ta’kidladi.
Qalampir.uz rahbari Qamariddin Shayxov ham so‘z olib, shunday dedi:
“Albatta, AOKA va Adliya vazirligi Prezident qarorida keltirilgan masalalar bo‘yicha takliflarni o‘z vaqtida berishi kerak. Ammo, men masalaning boshqa jihatiga e’tibor qaratmoqchiman. Aytilganidek, bugungacha tuhmat va haqorat bilan hech bir jurnalist qamalmagan. OAVga yoki jurnalistga tazyiq o‘tkazadigan odam esa buni o‘z qo‘li bilan qilmaydi. Balki o‘rtada vositachi bo‘lishi aniq.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ma’lumot taqdim etmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etganlik, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni belgilash borasida ham javobgarlikni kimga belgilashni aniq qilib olish kerak. Agar javobgarlik tashkilot matbuot kotibiga tushsa, u OAV bilan hamkorlik qilishni, axborot berishni istasayu lekin rahbariyati bunga to‘sqinlik qilsa, yana o‘rtadagi vositachi – matbuot kotibi aybdor bo‘lib qoladi. Mansabdorlarga esa matbuot kotibini o‘zgartirish ish emas. Shuning uchun bunda tashkilot rahbari yo o‘rinbosari darajasida javobgarlikni nazarda tutilsa, natijaga erishish mumkin”.
Yig‘ilishda barcha fikrlar umumlashtirilib, fond tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga yuborilishi aytildi.
LiveBarchasi