O‘zbekiston qaysi holatda Shimoliy Koreyaga aylanib qolishi mumkin? Allamjonovdan achchiq haqiqat
Jamiyat
−
27 iyun 2020
18437O‘zbekiston qanday qilib Shimoliy Koreyaga aylanishi mumkin. Oddiy muxbirlikdan Prezident Matbuot xizmati rahbari lavozimigacha chiqqan, O‘zbekiston mediasida muhim figuralaridan biri bo‘lgan Komiljon Allamjonov O‘zbekistonning Shimoliy Koreyaga aylanib qolishidagi ehtimolli holatlar haqida gapirarkan, bunda asosiy xato jurnalist va blogerlarning ovozini o‘chirish ekanini qayd etdi.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov UzReport telekanaliga bergan intervyusida jurnalistika sohasida bugungi muammolarni sanagan.
“Muammoga sohaning ichidan qaraydigan bo‘lsak, men uni kadrlarning saviyasida ko‘raman. Jurnalistika, mana endi blogerlarlik paydo bo‘ldi – ular shu paytgacha trendda bo‘lmagan. Chunki gazeta, jurnal, televideniye va radio uchun mutaxassis yetkazib berilgan. Ko‘pchiligi davlat tizimiga tegishli ommaviy axborot vositalari bo‘lgan. Xususiy sektor bo‘lmagani sabab ularning qadri baland bo‘lmagan.
2016 yildan buyon so‘z erkinligining keng joriy qilinishi jurnalist va ommaviy axborot vositalariga e’tibor o‘zgargani uchun ham bugun jurnalistlarning mavqei oshib bormoqda. Lekin soha oldida turgan muammo yana o‘sha – bu kadrlarning saviyasi, kadrlar yetishmasligi. Bu birinchi masala. Ikkinchisi – davlat organlarining jurnalistlar faoliyatiga nisbatan tushunchasi yetishmasligi. Bugun shunday bir ajoyib holatki, xohlaymizmi-yo‘qmi ochiqliksiz ishlay olmaymiz”.
Allamjonov 2020 yilning 29 yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimida faoliyat yuritdi. Bu davrda mamlakatda matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyatida chinakam o‘zgarishlar kuzatildi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, Allamjonov ushbu tashkilotdagi faoliyatini o‘z xohishi bilan yakunladi. So‘z erkinligi va ochiqlik tarafdori bo‘lgan sobiq davlat amaldori O‘zbekistonda jurnalist va blogerlarning ovozi o‘chirilishiga bo‘lgan harakatlar borib-borib Shimoliy Koreya kabi yopiq mamlakatga aylanishga sabab bo‘lishi mumkinligiga sha’ma qildi.
“Ikkita yo‘limiz bor: yo matbuot bilan ishni tashkil qilamiz, ochiq bo‘lamiz, matbuot so‘ragan ma’lumotni o‘z vaqtida beramiz, matbuot ko‘targan muammoga o‘z vaqtida yechim topamiz, matbuot ko‘targan masalalarga zudlik bilan munosabat bildiramiz, yoki ular bilan ishlamaymiz. Unda nima bo‘ladi? Unda yolg‘on ma’lumotlar ko‘payadi.
Hozir shunday zamonda yashayapmizki, agar bloger yoki jurnalistning og‘zini yopsangiz, haqiqatni ko‘tarayotgan odamlarning faoliyatini to‘xtataman desangiz, bu bilan muammo yechilmaydi. Bloger bilan jurnalistning og‘zini yopsangiz, ular bu sohadan ketmaydi, aksincha, anonimga aylanadi. U keyin Facebook’da paydo bo‘ladi. Facebook’ni o‘chirib qo‘ysangiz, u Instagram’ga boradi. Instagram’ni ham o‘chirib qo‘ysangiz, Twitter’ga boradi. Twitter’ni ham o‘chirib qo‘ysangiz, Telegram’ga boradi. Uni ham o‘chirsangiz, Shimoliy Koreya bo‘lamiz, qo‘yamiz. Boshqa yo‘limiz yo‘q. Yagona yo‘l – bu matbuot bilan ishlashni o‘rganish. Buni zudlik bilan o‘rganishimiz shart”, deydi Allamjonov.
LiveBarchasi