Faqat bizda emas, butun dunyoda matbuot tazyiqlarga uchradi – Allamjonov
Jamiyat
−
11 Sentabr 2020
6586O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentiligi va Adliya vazirligi tomonidan ikkita normativ hujjat ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra:
• tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo turlarini tayinlashni bekor qilish;
• davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ma’lumot taqdim etmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etganlik, shuningdek, OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni belgilash qonunchilikda o‘z ifodasini topadi.
“Bu yil juda og‘ir keldi. Pandemiya hammani esankiratib qo‘ydi. Rejalar buzilib ketdi. Tadbirlar qoldirildi. O‘z navbatida, matbuot ham gap ko‘tara olmaydiganlar qahriga bir necha bor uchrab, ancha sinovlarni boshidan o‘tkazdi.
Hammaning asabi taranglashgan, bitta gap – kam, ikkitasi – ko‘p, deydigan davr bo‘ldi. Faqat bizda emas, butun dunyoda matbuot tazyiqlarga uchradi.
Lekin bu so‘z erkinligi yana bo‘g‘iladi, Prezidentimiz tomonidan boshlangan islohotlar amalga oshmay qoldi, degani emas. Mana, ayni kunlarda AOKA va Adliya vazirligi tomonidan qator normativ hujjatlar tayyorlanmoqda”, deydi Komiljon Allamjonov.
Uning qayd etishicha, Prezidentning PQ-4551 sonli qarori ijrosi bo‘yicha AOKA va Adliya vazirligi tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo turlarini tayinlashni bekor qilish yuzasidan takliflar tayyorlab, kiritishi lozim.
“Shu o‘rinda, mazkur qaror OAV rivojiga katta turtki beradi, deb o‘ylayman. Avval ham ta’kidlaganimizdek, jurnalist yoki bloger matbuotda aytgan so‘zi uchun qamalmasligi kerak. Mayli, jarima to‘lasin, qilgan xatosi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilsin, lekin ozodlikdan mahrum bo‘lmasin.
Ishi hamma rivojlangan davlatlar kabi ochiq sudda adolatli ko‘rilsin”, deydi fond raisi.
Mutaxassislarning o‘rganib chiqishi natijasida O‘zbekistonda hech bir jurnalist qonunda o‘z aksini topgan tuhmat va haqorat uchun moddasi bilan ozodlikdan mahrum etilmagani aniqlangan.
Komiljon Allamjonovga ko‘ra, amalda ishlamaydigan bu qonun O‘zbekistonning jahon miqyosidagi indeks va reytinglari o‘sishiga xalaqit beryapti. U Prezident qarorida belgilangan vazifa tez kunlarda bajarilishiga umid bildirmoqda.
Ikkinchi hujjat Prezidentning PQ-4366 qaroriga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ma’lumot taqdim etmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etganlik, shuningdek, OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni belgilashga qaratilgan bo‘lib, bu masala yuzasidan ham AOKA va Adliya vazirligi takliflarni ishlab chiqib, kiritishi lozim.
“O‘z navbatida, bizning Fond ham Prezidentimiz tomonidan ushbu yo‘nalishda belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, ochiqlik, matbuot va davlat idoralari hamkorligi mexanizmlarini yanada takomillashtirishda har tomonlama yordamga tayyor ekanligini, jurnalist va blogerlarni yig‘ib, bu masalalar yuzasidan ularning takliflarini o‘rganishini ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Bizning bosh maqsadimiz ham OAV xodimlari uchun xavfsiz faoliyat maydonini yaratishga erishishdir”, deydi Komiljon Allamjonov.
LiveBarchasi