Pandemiya davrida so‘z erkinligi va axborotdan erkin foydalanish xavf ostida qoldi – Allamjonov
Jamiyat
−
28 Sentabr 2020
4522“COVID-19 pandemiyasi shiddat bilan boshlangan bu yilda butun dunyoda so‘z erkinligi bilan birga axborotdan erkin foydalanish xam xavf ostida qoldi”. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komiljon Allamjonov bugun, 28 sentyabr kuni axborotdan erkin umumfoydalanishga bag‘ishlangan Xalqaro onlayn-konferensiyada gapirdi.
Uning qayd etishicha, pandemiya bilan kurash tajribasiga ega bo‘lmagan davlatlar yolg‘on, feyk axborotlar tarqalishini oldini olish, odamlar vahimaga tushib, xaus holat yuzaga kelmasligini taminlayman deb ijtimoiy tarmoqlar va matbuotni nazorat qilishga uringan. Natijada bu holat odamlarning axborotni erkin tarqatish va undan erkin foydalana olish xuquqini asossiz cheklanishiga olib kelgan.
“Pandemiya jarayoni har bir fuqaroga axborot suv va havodek zarur ekanini ko‘rsatib berdi. Uyda karantin saqlab o‘tirgan fuqarodan tortib, bemorlar uchun ham axborot hayot-mamot manbaiga aylandi. To‘g‘ri davolanish, ko‘chadagi real ahvol, xavfning darajasi, davlatning olib borayotgan kurashi, qabul qilanayotgan yangi qoidalar xaqidagi axborotlardan har bir fuqaro o‘z vaqtida xabardor bo‘lib turishi kerak edi. Shunday ekan axborotlar erkin bo‘lishi, matbuotni o‘z o‘rnida sifatli ishlashi va davlat organlarining bu boradagi masuliyatini yanada oshirish zarur”, deydi Allamjonov.
Fond Vasiylik Kengashi raisining alohida urg‘ulashicha, gap odamlarning hayoti haqida bormoqda.
“Aynan shuning uchun ham biz bugun konferensiyamizda muammolarni ochiq ko‘tarishimiz, uning yechimini topish, shakllangan tajribalar bilan o‘rtoqlashishimiz kerak, deb hisoblayman”, deydi Komil Allamjonov.
Konferensiyada BMT Bosh kotibining global kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Melissa Fleming, YeXHT Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Tuula Yuryola, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, YeXHT huzuridagi Shvetsiya elchisi va YeXHT ning 2021 yildagi Doimiy kengashi raisi Ulrika Funered, OAV erkinligi masalalari bo‘yicha YeXHT Vakolatxonasi ofisining direktori Yurgen Xayssel, YeXHT ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor, BMT ning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer, Xalqoro matbuot instituti Ijrochi direktori Barbara Trionfi, Osiyo-Tinch okeani eshittirishlar ittifoqining Bosh kotibi Javad Mottagi, shuningdek deyarli 40 mamlakatdan 150 ga yaqin milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
LiveBarchasi