Allamjonov matbuot 4 yil avval Karimovning ko‘ngliga xizmat qilganini aytdi
Jamiyat
−
28 Sentabr 2020
35669O‘zbekistonda axborotdan erkin foydalanish xolati yaqin yaqingacha xam achinarli ahvolda bo‘lgan. 2016 yilga qadar O‘zbekiston matbuoti koma holatiga tushib qolgan edi. O‘lib o‘lmagan, yashab – yashab ketmagan. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov bugun, 28 sentyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan axborotdan erkin umumfoydalanishga bag‘ishlangan Xalqaro onlayn-konferensiyada gapirdi.
Allamjonov nutqida davom etarkan, o‘sha vaqtda matbuot bitta insonga – Prezident Islom Karimovning ko‘ngliga xizmat qilganini aytadi.
“Televideniyeda faqat bachkana maqtovlar, gazetalarda esa faqat “jannatdan xabarlar” yoritilar edi. Bu kulgilidir hozir, lekin afsuski, holat aynan shunday edi. Davlat aholiga kerakli ma’lumotni emas, balki o‘zi to‘g‘ri deb bilgan ma’lumotlarni uzatish bilan shug‘ullangan. Butun matbuot faqat bitta insonga, u ham bo‘lsa o‘sha paytdagi davlat rahbarining ko‘ngli uchun xizmat qilgan. Odamlar tashvishlariyu, ularning muammolari deyarli yoritilmagan. Skanvord, krossvord, munajjimlar bashorati yoki sariq matbuotdan boshqa deyarli barcha gazetalar majburiy obuna hisobiga kun ko‘rgan. Jurnalistlar dardini faqat anonim shaklda, biron ijtimoiy tarmoqda qoldirishdan boshqa iloji bo‘lmagan”, deydi Komil Allamjonov.
Fond Vasiylik Kengashi raisi fikrlarini davomlab, oxirgi 4 yildagi o‘zgarishlarni sanadi.
“Birinchidan, o‘tgan to‘rt yil mobaynida matbuot sezilarli darajada erkinlashdi, jurnalistlar mamlakatning real ijtimoiy-siyosiy hayotidan olingan voqealarni bemalol yoritadigan bo‘ldi. Hatto, hukumatni tanqid qiluvchi materiallarni faolroq chop eta boshladi. Viloyatlardagi jurnalistlar ham ancha faollashdilar. Ular inson huquqlarining buzilishi, korrupsiya va mansabdor shaxslarning beparvoligi haqida, ya’ni ilgari taqiq ostida bo‘lgan mavzular haqida ko‘proq, jasorat bilan yozishni boshladi. Mamlakat o‘zining taniqli blogerlariga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, blogerlarning rasmiy doiralar tarafidan e’tirof etilishi shunday pog‘onaga ko‘tarildiki, ayrim blogerlar axoli manfaati uchun bergan takliflari prezident va xukumat qarorlarida aks eta boshladi. Ular ko‘targan mavzular va muammolar tasir kuchi oshganidan davlat idoralari zudlik bilan unga munosabat bildira boshladi.Ikkinchidan, hukumatni tanqid qilgani uchun ilgari taqiq ostida bo‘lgan ko‘plab xorijiy saytlar blokdan olindi.
Uchinchidan, jurnalistlarning manfaatlarini himoya qilish uchun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, keyinchalik esa Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi.
Oshkora tarzda jurnalistlarning tarafini oladigan va ularning huquqlarini himoya qiladigan tashkilotlar ham xozirda aynan shular.
To‘rtinchidan, respublikaning barcha vazirlik va idoralarining o‘lik matbuot xizmatlari qayta tiriltirildi, ular mavqei oshirildi va faoliyati tiklandi.
Bu qanday natija berdi? Natijada jamiyatning o‘zi ham yanada faollashdi. Facebook va Telegram’da dolzarb masalalar ochiq va faol muhokama qilinadigan munozara platformalari vujudga keldi. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonda ham faol fuqarolik jamiyat shakllana boshladi, jamoatchilik nazorati kuchayib, so‘z erkinligi ancha rivojlandi.
O‘zbekiston qora ro‘yxatdan chiqdi va “Chegara bilmas muxbirlar” matbuot erkinligi indeksidagi mavqei yaxshilandi: 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda 13-o‘ringa ko‘tarildi”, deydi Allamjonov.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning sobiq Matbuot kotibi, keyinchalik Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini boshqargan Allamjonov olib borilgan sa’y-harakatlarga qaramay, bugun ham ayrim muammolar saylanib qolayotganini aytadi.
“Muammo yo‘qmi? Albatta bor, jurnalist yoki blogerda qo‘rquv yo‘qmi? Albatta, bu ham bor, aks holda natija bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi.
Ma’lum doiradagi shaxslarning senzurasi, jurnalistlar va blogerlarning o‘z-o‘zini senzura qilishi, davlat xodimlarining tahdidlari yoki bosimi. Tabiiyki, bunday omillar xaligacha bor va biz ularga qarshi kurashyapmiz. Takliflar beryapmiz, ishlayapmiz, bir so‘z bilan aytganda, tinmayapmiz.
Shu kunlarda Prezidentimizning topshirig‘iga binoan yana bir muhim xujjat, yani ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun chiqishi kerak.
Biz hali ham yo‘lning boshida ekanligimizni va bu yo‘lda xato va kamchiliklar bo‘lishini tushunamiz. OAVni liberallashtirish boshlangani vaqtinchalik o‘zgarish emas, balki bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, uning xohishi va belgilab bergan yo‘lidir. Bu – eng muhimi”, deydi Komil Allamjonov.
Konferensiyada BMT Bosh kotibining global kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Melissa Fleming, YeXHT Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Tuula Yuryola, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, YeXHT huzuridagi Shvetsiya elchisi va YeXHT ning 2021 yildagi Doimiy kengashi raisi Ulrika Funered, OAV erkinligi masalalari bo‘yicha YeXHT Vakolatxonasi ofisining direktori Yurgen Xayssel, YeXHT ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor, BMT ning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer, Xalqoro matbuot instituti Ijrochi direktori Barbara Trionfi, Osiyo-Tinch okeani eshittirishlar ittifoqining Bosh kotibi Javad Mottagi, shuningdek deyarli 40 mamlakatdan 150 ga yaqin milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
LiveBarchasi