Jinoyat va jazo – Hafta tahlili
Tahlil
−
25 aprel 4589 21 daqiqa
Yakunlanayotgan hafta shov-shuvli voqealarga boy bo‘ldi. Bolalar orasida meningit holatlari ko‘paydi, Koreyada o‘zbekistonlik ayolning o‘limi katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ichki siyosatda esa, pora bilan ushlangan amaldorlar, qimmatbaho soat taqqan mansabdor shaxslar va yangi soliq jazolari diqqat markazida bo‘ldi. Shu bilan birga, Gulnora Karimova va "Real Sanjik" ishlarida yangi tafsilotlar ochiqlandi. QALAMPIR.UZ an’anaga muvofiq haftaning eng muhim voqealarini jamladi.
Chorva mollari o‘rtasida “yashur” kasalligi ko‘paydi
Joriy yilning 18 aprelidan 18 mayiga qadar O‘zbekistonda “Chorvachilikda sanitariya-epidemiya-gigiyena” oyligi e’lon qilindi. Qayd etilishicha, xorijiy davlatlarda chorva mollari o‘rtasida oqsil (yashur) kasalligi tarqalish xavfi kengaymoqda. Ushbu kasallik O‘zbekistonga yetib kelganmi yoki yo‘q, bu haqda aniq ma’lumotlar mavjud emas. Ammo kasallikning yangi turi dastlab Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani va Gansu provinsiyasida, shuningdek, Rossiyaning Sibir va Volgabo‘yi hududlarida aniqlangan.
Jahon hayvonlar sog‘lig‘i tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2025-2026 yillarda 48 ta davlatda ushbu kasallikning yangi tiplari qayd etilgan bo‘lib, amalda qo‘llanilayotgan vaksinalar bu tiplarga qarshi to‘liq himoya qilmaydi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi veterinariya-sanitariya tartiblariga rioya qilish, dezinfeksiya vositalarini tashkil etish, begona shaxslar va transport vositalarining kirishini cheklash, hayvonlarni saqlashda zoogigiyenik talablarga amal qilish, ularni sifatli ozuqa va toza suv bilan ta’minlash, hududni doimiy tozalikda saqlash hamda zararli jonivorlarga qarshi kurashish borasida ogohlantirmoqda. Agar hayvonlarda kasallikka shubha tug‘ilsa, ularni darhol boshqalardan ajratish, veterinar kelguniga qadar izolyatsiya qilish va hech qanday dori vositalarini mustaqil qo‘llamaslik yuzasidan tavsiya berilmoqda.
Hayvonlarda yuqori harorat, og‘iz bo‘shlig‘i va tuyoqlarida yaralar, yelinda shikastlanishlar kuzatilganda, zudlik bilan veterinariya vrachiga murojaat qilish shart. Bunday holatlarda binolarni dezinfeksiya qilish, hayvon mahsulotlarini hududdan tashqariga chiqarmaslik va sutni qaynatmasdan iste’mol qilmaslik lozim.
Qozog‘istonda ham chorva mollariga “qirg‘in” keldi
Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati Qoraqiyon tumanida yoppasiga 550 dan ortiq chorva mollari nobud bo‘ldi. Ular orasida 134 bosh ot, 154 bosh qo‘y, echki hamda tuyalar bor. Hayvonlarning nobud bo‘lishiga 20-21 aprel kunlari kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik, yaylovlar botqoqqa aylangani va hayvonlar loyga botib qolgani birlamchi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Ammo, hali rasman tasdig‘ini topmagan ma’lumotlarga ko‘ra, hayvonlar orasida noma’lum kasallik tarqalgan. Mahalliy hokimiyat hisob-kitob va utilizatsiya ishlarini olib bormoqda, fermerlarga yetkazilgan zararni qoplash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Koreyadagi o‘zbek ayolining sirli o‘limi
O‘zbekistonliklarning, xususan ayollarning xorijiy mamlakatlardan o‘ligi kelishi bilan bog‘liq holatlar borgan sari ko‘paymoqda. Yil boshidan buyon bir necha shov-shuvli xabarlar, qotilliklar, ayniqsa, Turkiyadagi o‘zbekistonliklarning o‘limi jamoatchilikni larzaga keltirdi. Ana shu o‘limlar orasida kuni kecha Koreyada sodir bo‘lgan va biroz e’tibordan chetda qolgan yana bir holat bor.
Gap shundaki, Janubiy Koreyaga ishlash maqsadida ketgan o‘zbekistonlik 26 yoshli ayol uyidan o‘lik holda topildi. Uning o‘limi atrofidagi gap-so‘zlarga quloq tutsangiz, ayol jinoyat qurboni bo‘lgan, o‘ldirilishidan oldin unga nisbatan kuch ishlatilgan, va qotillik yashirilmoqda. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masalaga aniqlik kiritib, barcha savollarga javob berdi.
“Mazkur holat mamlakatimiz elchixonasi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, diplomatik vakolatxona marhumaning vafotiga oydinlik kiritish bo‘yicha Koreya politsiyasi bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
Shu o‘rinda, elchixona fuqarolarimizdan marhuma vatandoshimizning xotirasini hurmat qilishga, turli tasdiqlanmagan, noto‘g‘ri va asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirib qoladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Koreya huquq-tartibot organlarining ma’lum qilishicha, fuqaro Nozima Kimning o‘limi yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov va ekspertiza natijalariga ko‘ra, marhumaning vafotida qotillik alomatlari aniqlanmagan.
Pxyontxek shahridagi Koreya Milliy sud-tibbiyot ekspertizasi tomonidan amalga oshirilgan chuqurlashtirilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, fuqaro Nozima Kimda o‘z joniga qasd qilish tashxisi asosida o‘lim holati qayd etilgan.
Shuningdek, DNK, qon, barmoq izi tahlil qilingani, uning tanasidan zaharli va dori moddalar yoki ichki hamda tashqi tana qismlarida qattiq zarba ta’sirida yuzaga kelgan ko‘karish holatlari aniqlanmagan.
Koreya politsiyasi xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan marhuma Nozima Kimga tegishli turli suratlar tergov jarayonida olinmagani va ularni tarqatish Koreya qonunchiligi bo‘yicha taqiqlanishini bildirgan. Pxyontxek shahar politsiyasiga ko‘ra, hozirda tergov jarayoni davom etmoqda, natijasi bo‘yicha ma’lumot marhumaning yaqinlariga taqdim etiladi.
Bolalar orasida meningit ko‘paydi
O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon meningit – meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan. Infeksiya bilan bog‘liq 174 ta holatning 168 tasi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarda kuzatilgan. Kasallik dinamikasiga ko‘ra, aprel oyida mart oyiga nisbatan bemorlar 14 foizga kamaygan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bolalar orasida ushbu infeksiya keng tarqalishining oldini olish maqsadida bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 4862 nafar fuqaro emlangan. Vaksina bilan emlashga tibbiy moneligi bo‘lgan bemorlar bilan muloqotda fuqarolar uchun shifokorlar nazoratida kimyoviy profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Qo‘mita o‘z vaqtida emlanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, kasallik alomatlari kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish, jamoat joylarida ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etmoqda.
Haj va Umra safarlariga borishdan avval meningokokk infeksiyasiga qarshi emlanish, ziyoratdan kelgandan so‘ng esa, ommaviy tadbirlardan cheklanish haqida ogohlantirish berildi.
Meningit juda xavfli kasallik bo‘lib, o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, o‘lim ko‘rsatkichi yuqori hisoblanadi. Ayniqsa, bakterial meningitda vaziyat soat sayin yomonlashishi mumkin. Bakterial meningit bilan kasallangan har 10 bemordan 1 nafari (10%), ba’zan esa har 6 nafardan biri vafot etishi mumkin.
Qo‘mita kasallik O‘zbekistonning aynan qaysi hududlarida ko‘proq tarqalayotgani va o‘lim holatlar kuzatilgani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.
Namangan hokimining sudi boshqa viloyatga o‘tkazildi
Yodingizda bo‘lsa, 2025 yilning sentyabrida Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev 60 ming dollar pora olayotganda qo‘lga tushgan edi. Joriy yilning 24 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida Otaxo‘jayev ustidan sud boshlandi.
Sobiq hokimning himoya tomoni sudning Namangan viloyati hududida o‘tkazilishiga raddiya bergan. Shu bois sud Farg‘onada o‘tkazilmoqda.
Otaxo‘jayev poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari, ya’ni sherigi bilan til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, ma’nan eskirgan turarjoy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilgan.
DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va o‘sha vaqtning o‘zida “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Yana bir andijonlik mansabdor pora bilan ushlandi
Avvalroq, aprel oyi boshida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning asli ichki ishlardan chiqqan o‘rinbosari Isomiddin Ismanov 50 ming AQSH dollari pora bilan o‘z uyida qo‘lga olingani katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Bu voqeani hazm qilib ulgurmasimizdan Andijonda yana bir mansabdor Ismanov olgan puldan sal kamroq pora bilan ushlandi. Bu safar miqdor 40 ming AQSH dollari porani olgan shaxs – bankir.
Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, banklardan birining Andijon viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari kredit ta’minoti uchun garovga qo‘yilgan, Asaka tumanida joylashgan, umumiy bahosi 16,8 mlrd so‘mlik xususiy davolash markazining 4 qavatli binosi auksion savdo platformasida sotuvdan qaytganligidan foydalanib, uning narxini 12 mlrd so‘mga tushirgan holda, bank tashkiloti hisobiga olib, mahalliy tadbirkorga auksion savdolarisiz 7 yil muddatga foizsiz kredit hisobidan olib berish evaziga 90 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu mansabdor shaxs 40 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xizmatchisining 50 ming dollarlik soati
O‘zbekistonliklar bu hafta boshini, dushanba tongini Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining raisi Sherzod Qudbiyevning bilagidagi narxi 50 ming dollar turadigan soat ovozasi bilan ottirdi.
Qudbiyev Breguet Marine Chronographe 5527 rusumli soatni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan Qurilish sohasi tadbirkorlari, loyihachilar va kadastr muhandislari ishtirokidagi ochiq muloqotda taqib, ko‘rinish bergan.
Ijtimoiy tarmoqda Qudbiyev va soat surati tarqalib, jamoatchilik bu soatni Qudbiyev qayerdan olganini muhokama qilishga tushdi. Gap borib, O‘zbekistonda amaldorlarning mol-mulkini deklaratsiya qilishga oid qonun qabul qilinmay, paysalga solib kelinayotganiga taqaldi. Qudbiyevning o‘zi esa, bu soat haqida shunday tushuntirish berdi.
“Tanqidlar o‘rinli. Davlat xizmatchisi kamtar bo‘lishi kerak. Menga shaxsan katta xulosa bo‘ldi”, deydi Qudbiyev.
Vazir soat nimasi bilan qadrli ekani va uni qayerdan olganiga aniqlik kiritmagan. Biroq, uning videomurojaati jamoatchilik orasidagi e’tirozlarni bostirishga yetib ortdi, odamlar hammasini unutdi, yana kundalik tashvishlariga o‘ralashishda davom etdi.
Soliq to‘lamaganlarga jazo kuchaytirildi
Endi O‘zbekistonda soliq to‘lashdan qochganlar ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunda so‘z borgan.
Jinoyat kodeksining 184-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa ob’ektlarni qasddan yashirishni, kamaytirib ko‘rsatishni, shuningdek, soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan qasdan bo‘yin tovlashni ancha miqdorda sodir etish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ro‘y bergan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash takroran va ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.
Soliqlarni yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash juda ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish keltirilgan.
Qasddan yashirilgan, kamaytirib ko‘rsatilgan foyda (daromad) bo‘yicha soliqlar va yig‘imlar to‘liq to‘langan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi. Agar birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini tergovga kadar tekshiruv, tergov va birinchi instansiya sudi bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirguniga kadar to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
Xo‘sh, soliqlar yoki yig‘imlarning ancha miqdori o‘zi qancha? Qonunda bu ham belgilangan. Ancha – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 600 baravarigacha, ko‘p – bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravaridan 1000 baravarigacha, juda ko‘p – bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravari va undan ortiq bo‘lgan miqdor hisoblanadi. Ushbu qonun 2026 yil iyul oyida kuchga kiradi.
Naqdsiz savdo bo‘yicha yangi talablar yumshatilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni joriy yilning 1 aprelidan boshlab kuchga kirdi.
Unga ko‘ra, davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari, transportlarga yonilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar, qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar, ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Biroq, ushbu tizim ishga tushgan ilk kunlardanoq aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Odamlar naqd pulga benzin ololmayotgani, naqd pulni kartaga tushirish vaqtni o‘g‘irlayotgani yoki bankomatlarning foiz olib qolishi oqibatida pul yo‘qotilayotganidan noliyotgan bo‘lsa, tadbirkorlar, ayniqsa, restoratorlar va xo‘randalar kafelarda alkogol uchun naqd pul qabul qilinmasligi oqibatida noqulayliklarga duch kelayotganidan yozg‘irmoqda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov yangi tizim ortidan kelib chiqayotgan bunday muammolarni tan oldi va tez orada yechim berishini aytdi.
“Bu bizning aybimiz, e’tiborsizligimiz, yaqin kunlarda yechim taqdim etamiz”, dedi Po‘latov.
Tadbirkor Timur Musin nega “xonavayron” bo‘ldi?
“Caravan Group” tarmog‘i asoschisi Timur Musin Toshkent shahridagi “Palov muzeyi”, “Caravan” nomli restoranlari va Bo‘stonliq tumanidagi Cinara’s majmuasini sotuvga qo‘ydi. Taniqli tadbirkorning bu qarorini ayni damda mamlakatdagi mavjud muhit xususiy investitsiyalarni noqonuniy tajovuzlar va reyderlikdan himoya qilishga tayyor emasligi bilan bog‘lagan.
Tadbirkorni o‘z biznesining bir qismini sotishga sud jarayonlari va investitsiyalarni yo‘qotish xavfi majbur qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, katta miqdorda resurs sarflangan keng ko‘lamli etnografik loyiha tizimli to‘siqlarga duch kelgan.
Xususan, Timur Musin YouTube’da Cinara’s mehmonxonasi va akvaparkiga ega etnografik qishloq qurish loyihasi “murakkab investitsiya muhiti va cheksiz ma’muriy to‘siqlar tufayli noma’lum muddatga” to‘xtatilgani haqida videomurojaat qoldirgan.
“Muhandislar, arxitektorlar, konstruktorlar, landshaft dizaynerlarining batafsil ishlab chiqqan loyihalariga, shuningdek, xalqaro mehmonxona boshqaruvchilari jamoasining ajoyib mehnatiga qaramay, bir necha million mablag‘ va vaqt boy berildi. Tegishli tuzilmalar tomonidan munosib qo‘llab-quvvatlovning yo‘qligi loyihani hozirgi sharoitda amalga oshirishni imkonsiz qilib qo‘ydi. Jamiyatga foyda keltirishga qodir bo‘lgan keng ko‘lamli tashabbus mamlakatdagi “yashirin to‘siqlar” va adliya tizimiga urilib, chil-chil bo‘lmoqda. Afsuski, ayni damda mavjud muhit xususiy investitsiyalarni noqonuniy tajovuzlar va reyderlikdan himoya qilishga tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi!” deydi tadbirkor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, nizo Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Chirchiq — G‘azalkent — Chorvoq” avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish uchun 0,7 gektar yerning olib qo‘yilishi bilan bog‘liq. 2023 yil yozida sud tuman hokimligi zimmasiga kompaniyaga 12,5 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklagan. Biroq, bu qaror turli darajadagi instansiyalar tomonidan bir necha bor bekor qilingan va 2025 yil avgust oyida ish qayta ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
Bundan tashqari, avvalroq quruvchidan 4 gektar hudud olib qo‘yilib, evaziga relefi murakkab bo‘lgan uchastka berilgan. 2025 yil oxirida ma’muriy sud prokuraturaning kompaniyaga 2010 yilda berilgan kadastr hujjatlarini bekor qilish haqidagi da’vosini qanoatlantirgan. 2026 yil boshida Biznes ombudsman 15 yildan keyin hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish yo‘l qo‘yilmas ekanligi va mulk huquqi buzilganini asos qilib, ushbu qaror ustidan shikoyat qilgan.
Ob’ektlarning huquqiy maqomi noaniqligi sababli, kompaniya ikki xorijiy hamkor bilan hamkorlikni to‘xtatgan, bank hisob raqamlarida esa qariyb 10 mln dollar miqdoridagi investitsiyalar muzlatilgan holatda qolgan. Tadbirkor qurilgan binolar bilan birga qariyb 15 gektar yerning olib qo‘yilishini tijorat qiymati bo‘yicha 50 mln dollarga baholamoqda. Hozirda sud jarayonlari iqtisodiy va ma’muriy sudlarda parallel ravishda davom etmoqda.
Aravasini torta olmayotgan bo‘lsa bo‘shasin – Mirziyoyev
Tugayotgan hafta Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bilan esda qoldi. Unda davlat rahbari bir qancha tumanlar hokimlarini ogohlantirib, aravasini torta olmayotgan bo‘lsa, lavozimga loyiqligi qayta ko‘rib chiqilishini aytdi.
Gap shundaki, yig‘ilishda ayrim rahbarlar tadbirkorning masalasini hal qilishi o‘rniga o‘zini chetga olayotgani, muammo respublika darajasiga chiqsa, aybini berkitish uchun o‘zini oqlab yurgani tanqid qilindi.
Masalan, Nurafshon shahar hokimi byurokratiya sababli ikki yildan beri qurilishni boshlay olmagan tadbirkorga yordam berish o‘rniga, qayerdan bu ma’lumot Prezident darajasigacha yetib borganini qidirish bilan ovoraligi aytildi. Shu bilan bir qatorda G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangiyo‘l, Chinoz tumanlari hokimlari tadbirkorlik infratuzilmasi uchun berilgan tayyor pulga haligacha loyiha boshlamagani ko‘rsatib o‘tildi.
Tegishli viloyatlar hokimlariga nomi aytilgan tuman hokimlari “aravasini torta olmayotgan bo‘lsa”, bugunning o‘zida lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.
Umuman, bugungi sharoitda barcha rahbarlar xatarlarni 2-3 xil ssenariy bo‘yicha oldindan baholab, asosiy rejalariga qo‘shimcha zaxira rejalarini ham tayyorlab qo‘yishi shartligi qayd etildi.
Viloyat, tuman hokimlari ishni mutlaqo yangicha tashkil qilishi: uch kunda yoniga “aql markazi”, oliygoh professorlari, startapchi yoshlarni olib, mehnat unumdorligi, tannarx, energiya samaradorligi, ish o‘rni, aholi daromadi bo‘yicha yangi yechimlar ustida qattiq izlanishi, bir haftada bu yil qanday nostandart o‘zgarish qilishini ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka yetkazishi belgilandi.
Davlat rahbari bozordagi vaziyat, global maydondagi hodisalarning oddiy o‘zbekistonliklar hayotiga ta’siriga to‘xtalarkan, eng avvalo ishlab chiqarishni ko‘paytirish, tanlov imkoniyatini kengaytirish va inflyatsiyaning oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka to‘xtaldi.
“Qancha harakat qilib, iqtisodiyotni o‘stirmaylik, agar inflyatsiya ham oshib boraversa, aholi va tadbirkorlar hayotida ijobiy o‘zgarish sezilmaydi. Chunki tovar, ish va xizmatlar narxining oshishi ko‘paygan daromadni qadrsizlantiradi”, deydi Prezident.
Kartoshkachilik qoniqarsiz baholandi
Shavkat Mirziyoyev videoselektorda yil boshidan dunyoda neft narxi 40 foizga oshgani, ro‘y berayotgan ziddiyatlar oqibatida qulay logistika koridorlarini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelayotgani, bu mahalliy mahsulotlarning eksportida ham, asosiy iste’mol tovarlarining importida ham tashish xarajatlarini 25-30 foizga oshirganiga to‘xtaldi. Uning bildirishicha, inflyatsiya importi ichki narx-navoga 1 foizgacha qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, tashqi bosimni bahona qilib, inflyatsiya bo‘yicha ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilar va hokimlarga joriy yilda inflyatsiyani 6,5 foiz darajasida saqlab qolish uchun mahalliy mahsulotlar taklifini ko‘paytirib, narxini arzonlashtirish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlar uchun muqobil transport koridorlarini ham ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu orqali, ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha jami 130 ming tonna go‘sht importini ta’minlash zarurligi aytildi.
Kartoshkaga bo‘lgan talabni qoplash uchun bu yilga reja qilingan 180 ming gektardan 118 ming gektariga urug‘lik ekildi. Lekin Qashqadaryoda bor-yo‘g‘i 41 foiz, Surxondaryoda 44 foiz maydonda kartoshka ekilgan. Mart oyining o‘zida kartoshka Surxondaryoda 12,4 foizga, Qashqadaryoda 9 foizga qimmatlagan.
Kartoshkachilikka ixtisoslashgan Xo‘jaobod, Andijon, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Toshloq, Farg‘ona tumanlarida ham ishlar qoniqarsiz. Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan viloyat hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari va tuman hokimlarining mas’uliyati hamda javobgarligini oshirish topshirildi.
Yig‘ilishda sanoat va eksport masalalari ham ko‘rib chiqildi. Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqo‘rg‘on, Furqat, Shovot, Shayxontohur, Sergeli tumanlari sanoat rejasiga chiqa olmagani tanqid qilindi. Ushbu 13 ta tuman hokimiga rejaga qancha yetmaganiga qarab, intizomiy jazo chorasini ko‘rish aytildi.
Ichki bozorda mis taklifi ko‘paytirilgan bo‘lsa-da, qayta ishlash oyiga 6 ming tonnadan oshmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda birinchi chorakda elektrotexnika sohasida sanoat o‘sishi prognozdagi 11,2 foiz o‘rniga 7,8 foizga, eksport rejasi bor-yo‘g‘i 57 foizga bajarildi.
Elektrotexnika eksporti uchun 100 million dollar resurs berib, aylanma mablag‘ga garovsiz kredit ajratish imkoniyati yaratildi. Lekin birorta bank ushbu shartlarda kredit ajratmaganiga e’tiroz bildirildi.
Gulnora Karimovaning sudi qachon bo‘lishi ochiqlandi
Kelasi hafta Shveysariya sudida O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga oid pul yuvish va boshqa jinoyatlarga oid sud ishi boshlanadi.
Bu voqea qariyb yigirma yil avval boshlangan. Shveysariya Bosh prokuraturasining da’vosiga ko‘ra, u O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora undirish bilan shug‘ullanuvchi “ofis” deb nomlangan keng tarmoqli tarmoq tuzganlikda ayblanmoqda. Ushbu tarmoq ko‘p yillar davomida faoliyat yuritgani aytiladi.
2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova va uning biznes sherigiga nisbatan jinoiy ish ochgan. Ular korrupsiya, jinoiy tashkilotda ishtirok etish va pul yuvishda ayblanmoqda.
2015 yilda Jenevadagi Lombard Odier xususiy bankining sobiq xodimi tergov ostiga olingan. U 2008–2012 yillar davomida “ofis”ga aloqador shaxslar uchun bank hisoblari ochish va boshqarish orqali mablag‘larning kelib chiqishini yashirishga yordam berganlikda ayblanmoqda.
Lombard Odier bankining o‘zi pul yuvishda bevosita ayblanmayapti. Asosiy masala – bank o‘z xodimining ehtimoliy jinoiy harakatlarini oldini olish uchun barcha zarur tashkiliy choralarni ko‘rgan-ko‘rmaganligida. Bankning o‘zi 2012 yilda bu holat haqida pul yuvish bo‘yicha hisobot berish idorasiga (MROS) xabar bergan va tergov bilan to‘liq hamkorlik qilgan.
Nima uchun ish bunchalik uzoq davom etmoqda?
Asosiy faktlar murakkab bo‘lgani kabi, jarayonning borishi ham g‘ayritabiiy bo‘lgan. Ayniqsa, ishning davomiyligi hayratlanarli: asosiy voqealar 2008 yilga borib taqaladi.
Shveysariya jinoiy adliya tarixida birinchi marta Federal jinoyat sudi so‘roq o‘tkazish uchun xorijga safar qilgan.
Yillar davomida ishning ikki yo‘nalishi turli prokurorlar tomonidan alohida olib borilgan. Faqat 2025 yil may oyida – tergov boshlanganidan o‘n yildan ko‘proq vaqt o‘tgach – Shveysariya Federal jinoyat sudi Bosh prokuraturaning pozitsiyasiga zid ravishda, ikki ishni birlashtirishga qaror qilgan, chunki ular bir xil faktlarga asoslangan.
Asosiy ayblanuvchilarning sudda ishtirok etishi so‘roq ostida. Zangiotadagi qamoqxonada saqlanayotgan Gulnora Karimovaning shaxsan kelishi ehtimoli past. Ikkinchi ayblanuvchining qayerdaligi esa noma’lum. Bu esa, sud oldida “sirtqi sud” (trial in absentia) o‘tkazish yoki ishni qayta alohida bo‘laklarga bo‘lish kabi fundamental protsessual savollarni qo‘yadi.
“Real Sanjik”– giyohvandlik moddalari otamdan meros
Tugayotgan haftada yana Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida “Real Sanjik” nomi bilan tanilgan Sanjar Karimovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi hamda 273-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Karimov, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat bilan chiqib, bo‘lajak kuyov oilasiga tegishli uyni aldov yo‘li bilan tortib olganini aytgan Jamila Alimbayevaga uyni qaytarishga rozi bo‘ldi. Biroq, Alimboyevlar uyni shunchaki qabul qilmasa, uni 1 so‘mga sotishini aytdi.
Raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev tomonlarning so‘zini tinglab, kelgusida boshqa ehtimoli mavjud bo‘lgan xavflarni oldini olish maqsadida, keyingi sud majlisida notariusni sud majlisiga chaqirgan holda, ushbu uyni sobiq egalariga oldi-sotdi jarayoni amalga oshirilishi mumkin bo‘lishini bildirdi.
Shuningdek, Sanjar Karimov sud majlisida giyohvand moddalar iste’mol qilganini tan olgan. Gap shundaki, 2025 yil 27 noyabr kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan uning uyi va ofisida tintuv o‘tkazilgan, unda Karimovning ofis stoli tortmasidan “Parliament” tamaki mahsuloti qutisi ichida polietilen paketga o‘ralgan qo‘ng‘ir rangli, o‘tkir hidli mumsimon modda, turli kupyuralarga o‘ralgan yashil rangli o‘tsimon moddalar, chekish uchun mo‘ljallangan 0,5 litrli "baklajka" idishi hamda xonadon yerto‘lasidagi kiyim javonidan palto ichki cho‘ntagidagi gugurt qutisi ichida saqlangan yashil rangli o‘tsimon moddalar topilgan.
Ayblanuvchi Sanjar Karimov ushbu moddalar marhum otasiga tegishli bo‘lganini bildirdi. Uning aytishicha, otasi AQSH fuqarosi bo‘lgan va umrining so‘nggi ikki yilini O‘zbekistonda oilasi hamda o‘g‘li bilan birga o‘tkazgan. Shuningdek, u otasi bilan birgalikda mazkur ofisni boshqargani, tutash xonadonda otasi yashaganini ham qayd etdi. Karimovning so‘zlariga ko‘ra, otasi salomatligi yomonlashgani sababli ushbu moddalarni iste’mol qilgan.
Sanjar Karimov otasining vafotidan keyin ruhiy tushkunlik holatida "baklajka" orqali ikki marta giyohvandlik moddasini yakka o‘zi iste’mol qilganini, biroq ushbu moddalarni sotish yoki tarqatish maqsadida saqlamaganini, bu shunchaki otasidan qolgan meros ekanini aytdi.
Xabaringiz bor, o‘tgan hafta Sanjar Karimovning bojasi – G‘ofur Rahimovning jiyani Ravshan Muhitdinov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi. U Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 242-moddasi 2-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bilan ayblanmoqda. Biroq, Muhitdinov qanday jinoyatni sodir etgani, uning qidiruvga berilishi Sanjik ishi bilan bog‘liqmi yoki yo‘q, bu haqida aniq ma’lumotlar berilmayapti. QALAMPIR.UZ’ga oid boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda Sanjar Karimovning qaynotasi ham hibslangan.
Jinoiy to‘da qo‘lga olindi
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida DXX va IIV organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida o‘zlarini qonundan ustun qo‘yib, ko‘cha yechimi va bezorilik bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 1988 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan sudlangan Ikrom Saidov, 1990 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat Kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) bilan sudlangan Islom Saidov, 1998 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan Umidjon Baizbayev, 2001 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan A’zamjon Rustamov, 2002 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan Qurbonali Suponov, 1988 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan Mirzohid Farmonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ular umum e’tirof etilgan xulq-atvor normalari va jamiyatda o‘rnatilgan yurish-turish qoidalarini mensimay, jamoat tartibini buzib, bezoriliklar sodir etgan. Fuqarolarga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazish orqali pul topish bilan shug‘ullangan.
Ushbu shaxslarning noqonuniy harakatlaridan jabr ko‘rganlar DXX va IIVga murojaat qilishi so‘raldi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ‘ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi