Google stolda vertikal turadigan noodatiy klaviaturani taqdim qildi (video)
Texnologiya
−
14:39 215 1 daqiqa
Google’ning Yaponiyadagi bo‘limi muhandislari mexanik klaviaturani yangicha talqin qilib, uni konveyer tasmasi bilan jihozladi. Bu haqda “Gagadget” xabar berdi.
Qayd etilishicha, gadjetning to‘liq nomi “Gboard Rotating Version” bo‘lib, u tugmalari konveyer tasmalarida joylashgan klaviaturadir. Ushbu tasmalarning aylanuvchi mexanizmi tugmalarni foydalanuvchining barmoqlari tomon surib keladi. Ishlab chiquvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ishlanmaning qulayligi shundaki, barcha belgilarni ikkita emas, balki bir qo‘l bilan kiritish mumkin.
“Gboard Rotating Version”da to‘rtta konveyer tasmasi joylashgan bo‘lib, ularning har biriga 29 tadan tugma joylashtirilgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri ham bosh, ham kichik harflarni kiritish mumkin. Boshqarish mexanikasi “intuitiv tushunarli” deb atalmoqda.
Hozirda Google klaviaturaning rangli variantlarini, yuqori tezlikdagi rejim opsiyasini, shuningdek, “Gboard Rotating Version”ning uzaytirilgan va qisqartirilgan variantlarini ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Qayd etish joiz, ushbu gadjetning savdodagi versiyasi mavjud emas. Biroq foydalanuvchilar shunga o‘xshash klaviaturani mustaqil ravishda yig‘ishlari uchun analog qurilmaning chizmalari ochiq foydalanishga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq internetda hali rasman taqdim etilmagan Nokia 300 4G Power Bank tugmachali telefonining texnik xususiyatlari paydo bo‘lgandi. Ushbu qurilma oddiy mobil telefon va tashqi akkumulyator funksiyalarini o‘zida birlashtiradi.