Google Finlyandiyadagi örmonlarni kesgani uçun jinoiy tergovga tortildi

Olam

−

image

Finlyandiya politsiyasi Google kompaniyasining ma’lumotlar markazi qurilişi uçun örmonlarni kesişi va yerlarni quritişi bilan boğliq ehtimoliy qonunbuzilişlar yuzasidan jinoiy tergov boşladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilişiça, Google’ning “Tuike Finland” şu’ba korxonasi mamlakat şimolidagi Muhos şahrida ma’lumotlar markazi qurilişi rejalaştirilgan hududda 330 gektar maydondagi örmonni kesib, yerlarni quritgan. Biroq Finlyandiya qonunçiligi talab qiladigan atrof-muhitga ta’sirni baholaş işlari yakunlanmagan bölgan.

Ma’lum qilinişiça, quriliş maydonida suvni çiqariş va boşqariş bilan boğliq ayrim noaniqliklar hamda kamçiliklar aniqlangan. Jinoiy tergov doirasida aynan şu holatlar ham örganiladi.

Naşrning yozişiça, joriy oy boşida Finlyandiyaning nazorat organlari Google’ga Muhos va undan 100 kilometr janubi-şarqda joylaşgan Otanmyaki şaharlaridagi quriliş işlarini töxtatişni buyurgan. Kompaniya yer maydonlarida daraxtlarni kesişdan oldin atrof-muhitga ta’sirni baholaş talablarini bajarmagan. Faollar Muhosda 250 ming, Otanmyakida esa 150 ming tup daraxt kesilganini bildirgan.

Google kompaniyasining Finlyandiyadagi rahbari Antti Yarvinen örmonlarni kesiş holati uçun uzr söragan. Biroq u kompaniya öşa vaqtda qonunçilikni qanday tuşungan bölsa, şunga muvofiq harakat qilganini ta’kidlagan.

Finlyandiyada ma’lumotlar markazlarini quriş uçun jami 145 ta loyiha turli bosqiçlarda körib çiqilmoqda. Ular orasida Google’ning sun’iy intellekt infratuzilmasiga 13 milliard yevro sarmoya kiritiş rejasi ham bor. Kompaniya bu loyihani Yevropadagi eng yirik sarmoyasi deb atagan.

Hodisa mamlakatda ma’lumotlar markazlarining mahalliy aholi, atrof-muhit va energiya narxlariga ta’siri yuzasidan bahslarni kuçaytirgan. 93 mingdan ortiq kişi ma’lumotlar markazlari faoliyatini tartibga soliş va tabiatga yetkazilgan zarar uçun kompensatsiya talab qiluvçi petitsiyani imzolagan.

Xelsinki universiteti professori Jussi Kangaşarjuning fikriça, bunday markazlar mahalliy aholi uçun kam sonli iş örinlarini yaratadi, ulardan keladigan iqtisodiy foyda esa asosan xalqaro kompaniyalarning öziga tegadi.

Eslatib ötamiz, avvalroq AQŞning sakkizta ştati sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvçi OpenAI kompaniyasi ustidan sudga da’vo kiritgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing