Google öz sun’iy intellekti sabab 500 mlrd dollar yöqotdi
Texnologiya
−
12:13 645 2 daqiqa
Google’ning sun’iy intellekt asosidagi qidiruv xizmati kompaniyaning reklama daromadiga ta’sir körsatmoqda. Şu sabab Google’ning boş kompaniyasi Alphabet’ning bozor qiymati bir kunda 500 milliard dollardan ziyod kamaydi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilişiça, Alphabet joriy yilning iyul–sentyabr oylarida 127,6 milliard dollar daromad olgan. Bu ötgan yilning şu davriga nisbatan 25 foizga köp. Biroq kompaniyaning reklama yönalişidagi daromadi tahlilçilar kutganidan past bölgan.
Alphabet boş biznes direktori Filipp Şindlerning aytişiça, foydalanuvçilarga savollarga suhbat şaklida javob beradigan “AI Mode” funksiyasi an’anaviy qidiruv natijalari yonida joylaştiriladigan reklamalardan tuşadigan daromadni kamaytirmoqda.
Şunga qaramay, kompaniya sun’iy intellektga asoslangan qidiruv tizimini rivojlantiriş strategiyasidan mamnun. Google’ning sobiq reklama biznesi rahbari Kim Skottning ta’kidlaşiça, kompaniya özining yangi texnologiyasi eski biznesiga zarar yetkazsa ham, uzoq muddatli istiqbolni közlab harakat qilmoqda.
Alphabet moliyaviy natijalari e’lon qilinganidan keyin kompaniya aksiyalari 12 foizdan köproq arzonlaşib, sönggi olti oydagi eng past darajaga tuşgan. Natijada uning bozor qiymati 3,97 trillion dollardan 3,46 trillion dollargaça kamaygan.
Bu haftada Microsoft va Amazon ham moliyaviy hisobotlarini e’lon qildi. Har ikki kompaniya sun’iy intellekt sohasiga katta mablağ yönaltirişda davom etişini bildirgan.
Amazon aksiyalari hisobotdan keyin qöşimça savdolarda 6 foizga tuşdi. Kompaniya çorak davomida 201 milliard dollar daromad olgan bölsa-da, pul oqimi 42 milliard dollar manfiy körsatkiçni qayd etgan. Boş direktor Endi Jassining aytişiça, kompaniya sun’iy intellekt, bulutli xizmatlar va öz çiplarini işlab çiqariş kabi yönalişlarda katta imkoniyatlarni körmoqda.
Microsoft aksiyalari esa bir foizdan kamroq pasaydi. Kompaniyaning çoraklik daromadi 19 foizga oşib, 92,3 milliard dollarga yetgan. Uning bulutli xizmatlar yönalişidagi daromadi 30 foizga ösib, 63 milliard dollarni taşkil qilgan.
Microsoft rahbari Satya Nadellaning ma’lum qilişiça, Copilot’dan foydalaniş hajmi ortib, kundalik foydalanuvçilar soni bir yil içida 500 foizga köpaygan.
“Forrester” tahlilçisi Treysi Vuning fikriça, texnologiya kompaniyalari oldida sun’iy intellektga kiritilayotgan ulkan sarmoyalar kelajakda qançalik daromad keltirişi haqidagi savol turibdi. Investorlar endilikda nafaqat kompaniyalarning bugungi moliyaviy natijalariga, balki uşbu investitsiyalarning uzoq muddatli samarasiga ham e’tibor qaratmoqda.
Eslatib ötamiz, avvalroq Google şaxsiy akkaunt foydalanuvçilari uçun Gemini modellaridan foydalaniş şartlarini özgartirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi30 Oktyabr