Faollar KXSHT Qozog‘iston orqali Qirg‘izistonga kirishidan xavotirda
Olam
−
06 yanvar 2022 20722 3 daqiqa
Qirg‘izistonlik bir guruh faollar bugun, 6 yanvar kuni Jogorku Kenesh (parlament) binosi oldida yig‘ilib, qonun chiqaruvchi organdan KXSHTning Qozog‘istonga qo‘shin kiritish qaroriga veto qo‘yishni talab qildi.
Ta’kidlanishicha, aksiyada ishtirok etgan “Islohot” partiyasi rahbari Klara Soronqulova Qozog‘istonga harbiy xizmatchilar yuborilishiga qarshi chiqqan.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qozog‘istonga tashqi aralashuv bo‘yicha qaror qabul qilgani yo‘q. Demak, yirik davlatlar — KXSHT a’zolarining maqsadi boshqacha. Qozog‘istonga kirib kelayotgan davlat ertaga bizning yurtimizga kiradi. Bu siyosat shu yo‘nalishda harakat qilmoqda”, degan u.
O‘z navbatida faol Aziza Abdurasulova qozoq xalqi tashqi aralashuvga qarshi ekanini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, mamlakat Vazirlar Mahkamasi bayonot qabul qilib, unda Qirg‘iziston xalqiga ushbu qarorga to‘liq tushunish va mas’uliyat bilan yondashishni so‘rab murojaat qilgan.
“Qozog‘iston Respublikasining yaqin qo‘shnisi va strategik ittifoqchisi sifatida Qirg‘iziston Respublikasi o‘zining qonuniy organlarining yordam chaqiruvini rad etishga haqli emas va KXSHT doirasidagi majburiyatlarini zarur darajada bajaradi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ertaga, 7 yanvar kuni Qirg‘iziston parlamenti Qozog‘istonga harbiy xizmatchilar yuborish masalasini muhokama qilish uchun navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazadi.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Live
Barchasi