“Faqat ruslar emas”. Zelenskiy dunyoga don sotish uchun birgina shart qo‘ydi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya kemalarining Ukraina portlariga kirishiga qarshi. Bu haqda uning o‘zi “Financial Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, bug‘doy eksporti uchun mamlakatning hamkor davlatlari kemalari xavfsiz yo‘lak tashkil qilishi kerak. 

“Hamma juda yaxshi biladi, biz Rossiya kemalarini portlarimizga kiritmaymiz, chunki ular har kuni bizga hujum qiladi. Bu borada Moskva bilan hech qanday kelishuvga erishib bo‘lmaydi. Hamma Ukraina borini 100 foiz eksport qilishga tayyorligini biladi. Biz oddiy sivilizatsiyalashgan sharoitlarga tayyormiz, ammo xavfsiz sharoitda... Biz taklif qilgan sxema oddiy, BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Xavfsiz dengiz yo‘lagi sxemasi Rossiya Federatsiyasidan tashqari istalgan hamkor davlat kemalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin”, deydi Zelenskiy.

Ma’lumot uchun, Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lakning ishlashini ta’minlaydigan “yo‘l xaritasi” – Istanbul rejasini tayyorlagan. 

Istanbuldagi muvofiqlashtirish markazining ishga tushirilishi Ukraina portlaridan jahon bozorlariga 20 million tonna donni eksport qilish imkonini berishi aytilgan.

Yaqin kunlarda Istanbulda barcha manfaatdor tomonlarning “Yo‘l xaritasi” tafsilotlarini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazilishi kutilmoqda. To‘rt tomonlama formatda yo‘nalish, sug‘urta, kema xavfsizligi, portni minalardan tozalash, shuningdek, Qo‘mondonlik markazi tarkibi kabi masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

44

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing