Eron Rossiyaga urush uchun dronlar yetkazib berdi – WP
Olam
−
30 avgust 2022
10170Eron Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda ishlatishi uchun uchuvchisiz uchish apparatlarining birinchi partiyasini jo‘natdi. Bu haqda kecha, 29 avgust, kuni Amerikaning The Washington Post (WP) nashri xabar berdi.
Gap kamida ikki turdagi jangovar dronlar, xususan, radar tizimlari, artilleriya inshootlari va boshqa harbiy ob’ektlarni o‘qqa tutish uchun mo‘ljallangan Mohajer-6 va Shahed dronlari haqida bormoqda. WP ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya transport samolyotlari 19 avgust kuni tegishli yuk bilan Erondan havoga ko‘tarilgan.
Nashrning AQSH razvedkasiga yaqin bo‘lgan suhbatdoshlariga tayanib yozishicha, Rossiya qabul qilingan uchuvchisiz uchoqlarni ishlatishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelgan.
Anonim qolishni istagan Amerika razvedka xizmatlari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, birinchi sinovlardan so‘ng rossiyalik harbiylar Eronning ba’zi dronlari yaroqsiz bo‘lgani uchun “norozi” bo‘lgan. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar Moskva Tehrondan yuzlab shunday uchuvchisiz uchoqlarni sotib olmoqchi, deb hisoblaydi.
Avvalroq, 16 iyul kuni CNN Rossiya hukumati delegatsiyasi Moskva Tehrondan sotib olmoqchi bo‘lgan dronlarni tekshirish uchun ikki marta Eronning Koshan aerodromiga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edi. Bundan sal oldin AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan “Eron hukumati Rossiyaga tezlashtirilgan asosda bir necha yuztagacha dron, jumladan, qurol olib yurishga qodir uchuvchisiz apparatlar berishga tayyorlanayotganini” aytgan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi