Eron ilk gipertovushli raketasini taqdim qildi. U AQSH va Isroilni “dog‘da qoldirishi” da’vo qilinmoqda

Olam

image

Eron bugun, 6 iyun kuni o‘zining birinchi gipertovushli ballistik raketasini namoyish qildi. Bu haqda IRNA axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Fattoh” nomli gipertovushli raketaning taqdimotida mamlakat Prezidenti Ibrohim Raisiy va Islom inqilobi posbonlari korpusi qo‘mondonlari qatnashgan.

“Aniq boshqariladigan “Fattoh” gipertovushli raketasi 1400 kilometr masofani bosib o‘tish va barcha mudofaa qobiqlarini yorib o‘tish imkoniyatiga ega”, deydi Eron aerokosmik kuchlari rahbari Amirali Hojizoda Eron matbuotiga bergan intervyusida.

Ma’lumot uchun gipertovushli raketalar tovushdan kamida besh barobar tezroq uchishi mumkin va murakkab traektoriya bo‘ylab parvoz qilgani sabab ularni tutib qolish qiyin. O‘tgan yili Eron atmosfera ichida va undan tashqarida manyovr qila oladigan gipertovushli raketa yaratganini da’vo qilgan edi.

“U AQSH va sionistik rejimning eng ilg‘or ballistik raketaga qarshi tizimlarini, jumladan, Isroilning “Temir gumbaz”ini chetlab o‘tishi mumkin”, deyiladi Eron davlat televideniyesi xabarida.

Aytilishicha, “Fattoh”ning maksimal tezligi soatiga 15 ming kilometrga yetishi mumkin. G‘arbning xavotir va qarshiligiga qaramay, Eron mudofaaviy raketa dasturini yanada rivojlantirishini aytmoqda. 2018 yilda AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp Eron bilan oltita davlat ishtirokida 2015 yilda tuzilgan yadroviy kelishuvdan chiqqanidan keyin Eronning ma’lum vaqt to‘xtab qolgan yadroviy sinovlari yana boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron o‘zining yangi ballistik raketasini sinovdan o‘tkazgandi. Bundan tashqari, uning yangi kamikadze dronlari ham muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan. Shuningdek, yaqinda Eronning yerosti havo bazasi ochilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron gipertovushli raketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing