Erdo‘g‘an Turkiyada o‘tkazilayotgan mitinglarni “ko‘cha terrori” deb atadi
Olam
−
22 mart
3399Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatda Istanbul shahri hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan boshlangan namoyishlar bo‘yicha bayonot berib, davlat “ko‘cha terroriga” taslim bo‘lmasligini ta’kidladi va Turkiyaning “ko‘chadan topib olinmaganini” aytdi. Bu haqda u kecha, 21 mart kuni Istanbuldagi Halich kongress markazida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat Turkiya xalqining barqarorligiga tahdid solmoqda, uni norozilik namoyishlariga chorlayapti, bu esa politsiyachilarning jarohat olishiga sabab bo‘lmoqda. Ma’lumki, muxolifat yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel mitinglar davom etishini e’lon qilib, huquq-tartibot idoralarini qurol va gaz ballonlaridan foydalanmaslikka chaqirdi. Mamlakat Prezidenti Erdo‘g‘an esa hukumat mamlakatdagi ko‘cha tartibsizliklarini e’tiborsiz qoldirmasligini aytdi.
“Marginal guruhlarning ortidan ergashish, politsiyamizga hujum qilish, sudyalarimiz va prokurorlarimizga tahdid qilish, demokratiya va milliy iroda bilan o‘ynash hamda noqonuniy va nodemokratik vositalarga murojaat qilish bilan bu mamlakatda hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Turkiya – ko‘chadan topilgan davlat emas. Turkiya ko‘cha terroriga taslim bo‘lmaydi”, dedi u.
Erdo‘g‘an, shuningdek, hukumat “Turkiyani terror qilishga urinishlar” va mamlakat barqarorligini buzishga qaratilgan harakatlarga toqat qilmasligini bildirgan. Unga ko‘ra, mitinglarga chaqiriqlar “umidsiz yo‘l” bo‘lib, bunday harakatlar qonunga zid. Namoyishlar bahonasida korrupsion sxemalar va talon-torojni yashirishga urinishlar sodir bo‘lmoqda.
Muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi rahbari O‘zg‘ur O‘zel muxolifat namoyishlarni davom ettirishini bildirgan va huquq-tartibot organlarini namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va qurollardan foydalanmaslikka chaqirgan. Mahalliy OAVga ko‘ra, politsiya namoyishlarni bostirishda hatto rezina o‘qlardan foydalangan, ammo hukumat bunday ayblovlarni inkor etmoqda. Mitinglar davomida bir necha namoyishchilar tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan, 16 nafar politsiyachi esa jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 mart kuni Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel butun Turkiya aholisini iftorlikdan so‘ng, ko‘chaga chiqishga va namoyishlar o‘tkazishga chaqirgandi. Ekrem Imomo‘g‘li esa o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etdi.
Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi
19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.
Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.
LiveBarchasi
Do‘rmonga o‘t ketdi.
20:26