Erdo‘g‘an Putinga Zelenskiyning iltimosini yetkazmoqchi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Federatsiyasi yetakchisi Vladimir Putin bilan Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi vaziyatni muhokama qilmoqchi. Bu haqda TASS xabar berdi.

“[Ukraina yetakchisi Vladimir] Zelenskiy bizdan Rossiyadan AES atrofidagi barcha minalarni tozalashni va vaziyatning tahdidli miqyosi tufayli buni imkon qadar tezroq bajarishni so‘radi. Ikkinchi Chernobil deganda men shuni nazarda tutdim. Bu masalani janob Putin bilan muhokama qilmoqchiman. Rossiya tinchlikni ta’minlash uchun bu muhim qadamni qo‘yishi lozim”, degan Erdo‘g‘an Lvov shahridagi uch tomonlama muzokaralardan so‘ng jurnalistlariga. 

Ma’lumot uchun, 18 avgust kuni Lvovda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.

Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.

Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Yevropa mamlakatlari allaqachon Rossiya neftini yetkazib berishni almashtirishni boshlagan. Misol uchun, may oyining oxirida Birlashgan Arab Amirliklari ikki yillik tanaffusdan so‘ng Yevropaga neft yetkazib berishni tikladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

28

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing