Erdo‘g‘an Putindan keyin Zelenskiy bilan gaplashib oldi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina portlarini to‘sib qo‘yish va don eksportini qayta tiklash haqida suhbatlashdi. Bu haqda Zelenskiy Twitter’da ma’lum qildi.

“Biz Ukraina portlarini blokdan chiqarish va g‘alla eksportini qayta tiklash muhimligini muhokama qildik. Shuningdek, Rossiyaning donimizni vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlardan eksport qilishiga to‘sqinlik qilishimiz kerak”, deydi Ukraina Prezidenti.

U Erdo‘g‘anga Rossiya tajovuzining navbatdagi tinch qurbonlari munosabati bilan ta’ziya yo‘llagani uchun minnatdorlik bildirganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Ukraina Tupechchini qo‘llab-quvvatlaganini qadrlaydi.

Turkiya Prezidenti ma’muriyati davlatlar rahbarlari donni xavfsiz eksport qilishi masalasida fikr almashganini ma’lum qildi.

“Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Muzokaralar chog‘ida Rossiya-Ukraina urushi va Qora dengizda don eksporti uchun xavfsiz yo‘laklarni yaratish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Turkiyaning eng katta orzusi Ukrainada tinchlik o‘rnatilishi ekanini tilga olgan Erdo‘g‘an, Anqara, Ukraina don mahsulotlarini jahon bozoriga yetkazib berish uchun BMT tomonidan tayyorlangan reja ustida ishlashni davom ettirayotganini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi yechim har qanday holatda ham diplomatiya yo‘li bilan bo‘lishini va buning uchun muzokara stoli ochilishi kerakligini ta’kidlagan Erdo‘g‘an har turli yordamni berishga tayyorligini bildirgan.

Prezident Erdo‘g‘an Zelenskiyga Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan videomurojaatida turk tilidagi bayram tabrigi uchun ham minnatdorlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 11 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan ham telefon orqali muloqot qilgan. Asosiy mavzular orasida Ukrainadagi urush va g‘alla eksporti uchun dengiz yo‘lagi bor edi. Erdo‘g‘an suhbat chog‘ida Putinga Qora dengizda don eksporti uchun xavfsiz yo‘lak yaratish bo‘yicha BMT rejasi bo‘yicha qadam tashlash vaqti kelganini aytdi.

Ma’lumot uchun, 8 iyun kuni Rossiya va Turkiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Mavlud Chavusho‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “don yo‘lagi” deb atalmish yo‘lak yaratish masalasini muhokama qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Kiyev o‘z portlarini minalardan tozalasa, Moskva Ukraina donini olib ketayotgan kemalarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatlashini hamda Berdyansk va Mariupol kabi Rossiya nazoratidagi portlar orqali tovarlar eksportini ta’minlay olishini aytgan edi.

21 iyun kuni Moskvada Turkiya va Rossiya harbiy delegatsiyalari o‘rtasida Ukraina donini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lak yaratish masalasi bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi ularni ijobiy va konstruktiv deb atab, maslahatlashuvlarni davom ettirishga qaror qilinganini qayd etdi.

Turkiya Prezidenti Toyib Erdo‘g‘an NATOning Madriddagi sammitidan so‘ng, Anqara Qora dengiz orqali olib o‘tiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta eksport qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Ukraina portlarida Turkiyaning 20 ga yaqin savdo kemalari bor, ular yukni tashishga tayyor.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Turkiya-Ukraina

Baholaganlar

28

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing