Erdo‘g‘an dunyo Istanbuldagi rus-ukrain muzokaralaridan nima kutayotganini aytdi
Olam
−
29 mart 2022
9565O‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik Qora dengiz mintaqasidagi barcha davlatlarning manfaatlariga mos keladi. Bu haqda bugun, 29 mart kuni Istanbuldagi Dolmabaxche saroyida Rossiya-Ukraina muzokaralari ishtirokchilariga murojaat qilgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ta’kidladi.
Erdo‘g‘anga ko‘ra, Turkiya mintaqada ko‘plab muammolarga guvoh bo‘lgan davlat sifatida Qora dengiz shimolida fojiali manzara yuz bermasligi uchun qo‘lidan kelganini qilgan va qilishda davom etmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara barcha xalqaro platformalarda har ikki tomonning (Rossiya va Ukraina) manfaatlari, huquqlari va pozitsiyalarini hisobga olishga intilib, adolatli pozitsiyaga amal qiladi.
“Adolatli tinchlik barcha tomonlarning g‘alabasidir va to‘qnashuvlarning davom etishi hech bir tomonga foyda keltirmaydi. Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar jarayoni aniq natijalarga erishish mumkin bo‘lgan darajada. Jahon hamjamiyati Istanbuldagi yig‘ilish ishtirokchilaridan ijobiy qarorlar kutmoqda”, degan Prezident.
Turkiya rahbari rasmiy Anqara Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik dasturini ilgari surish uchun munosib hissa qo‘shishga tayyorligini ta’kidlagan.
Ma’lumot o‘rnida, Istanbuldagi Dolmabahche saroyida bo‘lib o‘tadigan Rossiya-Ukraina muzokaralari matbuotga yopiq holda ikki kun davom etadi. Bu Belarusda muzokaralar o‘tkazilgan 7 martdan beri tomonlarning birinchi yuzma-yuz uchrashuvidir. Shundan so‘ng delegatsiyalar doimiy ravishda videoaloqa orqali muloqot qilib kelgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi