O‘zbekiston Saudiya Arabistonida qolayotgan 244 fuqarosini olib chiqib ketdi
Jamiyat
−
09 mart 2020
5741O‘zbekiston Umra ziyorati amallarini bajarish uchun borgan 244 fuqarosini Saudiya Arabistonidan olib chiqib ketdi. Ular “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning maxsus cherter-reysida Toshkentga olib kelindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Jidda-Toshkent reysi bo‘yicha olib kelingan barcha yo‘lovchilarning tana harorati ikki marta o‘lchangan. Ular orasida koronavirus kasalligi alomatlari aniqlanmagan. Endilikda ular o‘z turar joylarida 14 kunlik tibbiy nazorat ostida bo‘ladilar.
Ma’lumot o‘rnida, Saudiya Arabistoni koronavirus tarqalgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan. Mamlakatda kasallikka chalinganlar 11 nafarni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 fevralidan e’tiboran Saudiya Arabistoni yangi koronavirus tarqalishining oldini olish uchun qator cheklovlar joriy qildi. Xususan, hukumat musulmonlar uchun Umra ziyoratini amalga oshirish va Madinada Nabaviy Masjidini ziyorat qilishni vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. Shunga ko‘ra, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK Jidda va Madina shaharlariga reyslarni to‘xtatdi va Saudiya Arabistonida qolayotgan o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun bir necha reyslar amalga oshirilishini e’lon qildi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, Madinadagi Nabaviy Masjidi, Ka’ba atrofida tozalash va dorilash ishlari olib borildi. Oradan ko‘p o‘tmay, masjid yana ziyoratchilar uchun ochildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning ma’lum qilishicha, koronavirus jahonning 101 ta davlatiga kirib bordi. Virus bilan og‘rigan bemorlar 111 2003 nafarni tashkil etmoqda. Vafot etganlar esa 3880 nafarga yetdi. Tuzalgan bemorlar esa 62 043 nafar.
LiveBarchasi