Eng dahshatli urush hali oldinda – Kuleba

Olam

image

Eng dahshatli urush hali oldinda, Ukraina Kiyevdagi jangda g‘alaba qozondi, ammo janubda va Donbassda haqiqiy urush boshlanish arafasida. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Italiyaning “Corriere della Sera” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Eng yomoni hali oldinda. Ukraina Kiyevdagi jangda g‘alaba qozondi, biroq Donbass va janubda urush boshlanish arafasida. Mariupoldagi vayronagarchilik ko‘rsatganidek, bu dahshatli va halokatli bo‘ladi. Biz tayyormiz, chekinmaymiz va sizlarning qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilamiz”, degan vazir.

Ukraina diplomatiyasi rahbari Rossiya bilan muzokaralar jarayoni haqida ham gapirgan.

“Muzokaralar davom etmoqda, biroq barcha asosiy masalalar hal etilmagan. Boshqa tomondan, Rossiya armiyasi insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etib, shaharlarimizga quruqlikdan zarba berish va raketalarni otishda davom etmoqda. Harbiy tajovuz muzokaralarda erishilgan kichik muvaffaqiyatimizga qaraganda qonli va buzg‘unchiroq bo‘lib bormoqda”, degan Kuleba.

Vazirga ko‘ra, Ukrainada Rossiya boshqa hujum qilmasligiga ishonch hosil qilishni istashadi, lekin ular Moskvaga ishonmaydi.

Xitoyning pozitsiyasi haqida fikr bildirgan  ukrainalik vazir Pekin ehtiyotkor neytral pozitsiyada qolayotganini ta’kidladi.

“Bizda Xitoy Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani haqida hech qanday dalil yo‘q. Ularning eng muhim manfaatlari jahon iqtisodiyotiga ziyon yetkazayotgan urushni to‘xtatish va biz ham shu fikrdamiz”, deya davom etgan Kuleba.

Vazir Italiya jamoatchiligini Ukrainaga urushni qisqa vaqt ichida tugatishga yordam berishga chaqirgan.

Kuleba, shuningdek, Kiyev Rossiya Federatsiyasining maxsus harbiy operatsiyasi boshlanishidan ancha oldin Rim papasi Fransiskning mamlakatga tashrifi ustida ish olib borish boshlanganini ta’kidlagan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

49

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing