Dunyo ko‘z yumsa ham Turkiya Isroilning tajovuzini qabul qilmaydi – Erdo‘g‘an

Olam

image

Butun dunyo Isroilning Falastinga qarshi tajovuziga ko‘z yumsa ham Turkiya bu holatni qabul qilmaydi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 14 may kuni juma namozidan so‘ng aytib o‘tdi.

Prezidentning aytishicha, Rasmiy Anqara Al-Aqso masjidiga qilingan hujumlarga qat’iy qarshi chiqmoqda, chunki bu Turkiyaning Suriya bilan chegaralari bo‘ylab terrorchilar yo‘lagini yaratishga imkon bermadi.

“Biz faqat bolalar, himoyasiz ayollar va begunoh odamlarga hujum qilishga jur’at etgan terrorchi davlat – Isroilning shafqatsizligidan g‘amgin va g‘azabdamiz. Bu masalada Turkiyaning pozitsiyasi prinsipialdir”, deydi Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Falastin shaharlari va Quddusdagi Isroil tajovuziga qarshi kurash butun insoniyat uchun sharafli burchdir.

“Quddusni ham musulmonlar, ham nasroniylar va yahudiylarning ziyoratgohlari joylashgan joyni talon-toroj qilishga uringan terrorchi davlat barcha chegaralarni kesib o‘tdi”, deydi Erdo‘g‘an.

Unga ko‘ra, qon to‘kilishiga javoban jim turadiganlar, Isroilga nisbatan hurmatsizlik yoki sodir bo‘layotgan voqealarni ochiqdan-ochiq himoya qilayotganlar, bir kun kelib o‘z navbati kelishini bilishlari kerak.

Turkiya davlat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, agar Islom hamkorlik tashkiloti Isroilning falastinliklarga qarshi hujumlariga zudlik bilan aniq va samarali pozitsiyani tutmasa, bu ushbu tuzilmaning o‘z mavjudligini inkor etishini anglatadi.

Quddusdagi vaziyatning keskinlashishi

7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinliklar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.

Qizil yarim oy jamiyatining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil politsiyasining zo‘ravonliklari oqibatida 700 dan ortiq kishi jarohatlangan, shundan 333 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Shundan so‘ng, Falastinning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirgan: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni HAMAS harakati Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. 

Bunga javoban Isroil tomoni darhol 130 ta raketa bilan HAMAS harakati joylashgan G‘azo sektorini o‘qqa tutdi. Oqibatda esa 22 falastinlik, shu jumladan 9 bola halok bo‘ldi. HAMAS Isroilga 350 ta raketa bilan javob qaytardi.

11 may kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoriga zarbalar kuchi va chastotasini ko‘paytirish niyatida ekanini e’lon qildi.

Isroil politsiyasining qarshiligiga qaramasdan 13 may kuni 100 mingdan ziyod musulmon Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida Hayit namozini o‘qidi.

14 may kuni esa Isroil mudofaa kuchlarining havo va quruqlikdagi kuchlari G‘azo sektoriga hujum boshladi.

AQSHdagi Isroil bosh konsulligi oldida Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun miting o‘tkazildi. Aksiyada turk va musulmon jamoalari vakillari, shuningdek, Neturei Karta pravoslav yahudiy guruhi a’zolari ishtirok etdi.

12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning telefon orqali muloqotida Quddusdagi to‘qnashuvlar muhokama qilindi. Shuningdek, Erdo‘g‘an Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga qo‘ng‘iroq qilib, Isroilga “saboq berib qo‘yishda” sherik bo‘lishni taklif qildi.

Pentagonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Isroil Mudofaa vazirligi siyosiy va harbiy departamenti direktori Zoara Palti hamda AQSH Mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Kolin Kola “Isroil fuqarolariga qarshi terror hujumlarini” qoralagan va AQSH Isroilning huquqlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

14 may kuni Isroil bayhordagi mojarolar boshlanganidan beri G‘azoga qarata eng yirik havo hujumini amalga oshirdi. Hujumni quruqlikdan artilleriya va tanklar ham qo‘llab turdi.

Shu kuni Isroil qurolli kuchlari tomonidan Iordan daryosining G‘arbiy sohilida o‘tkazilayotgan G‘azo sektorini qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlarni tarqatish paytida jami 11 nafar falastinlik o‘ldirildi.

Xalqaro hamjamiyatning reaksiyasi

Xalqaro hamjamiyat Quddusdagi voqealarga tezda munosabat bildirdi. BMT Xavfsizlik Kengashi 10 may kuni Falastindagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, ammo yakunda hech qanday bayonot qabul qilinmadi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri dunyo OAVni voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblab, mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Bundan tashqari Isroil rasmiylari mojarolar boshlanishi bilan “tutingan akasi” AQSHdan vaziyatga aralashmaslik va xalqaro bosim o‘tkazmaslikni so‘radi. Vashington esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga chaqirdi. Shuningdek, O‘zbekiston ham Al-Aqso masjidi daxlsizligini ta’minlashga chaqirdi.

Qolaversa, 11 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qator musulmon davlatlar rahbarlari bilan Isroilning zo‘ravonliklarini muhokama qildi. Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiya Ozarbayjonni Armanistonga qarshi urushda qanday qo‘llagan bo‘lsa, Falastinni ham shunday qo‘llashi va bu fikrda oxirigacha sobit turishini ma’lum qildi.

Keyinchalik, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Isroilning Sharqiy Quddus va G‘azodagi so‘nggi hujumlariga munosabat bildirib, Misr va Iordaniyaning harakatsizligini tanqid qildi. U Isroil hukumatini “qonxo‘r sionist” deb atadi. Shuningdek, Isroilning Rossiyadagi elchisi Falastin bilan muzokaralarda yon berishga tayyorligini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil

Baholaganlar

166

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing