Dunyo Qoraqalpog‘istondagi voqealar haqida nima deyapti? Kim qay tarafda?

Tahlil

image

Joriy yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar dunyo mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar e’tiborini tortmay qolmadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning noto‘g‘ri talqin qilgan bir qator kimsalar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun odamlarni mitingga, Konstitutsion boshqaruvga qarshi chiqishga, qurol olib, huquq-tartibot organlari xodimlariga o‘qtalishga, davlat idoralarini egallashga chaqirdi. O‘z haq-huquq va majburiyatlarini bilmagan odamlar ularga ergashdi. Oqibatda esa 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. 

Ayni vaqtda dunyo nigohi O‘zbekistonga qaratilgan. Qoraqalpog‘iston voqealari tilga tushdi. Ayrim davlatlar ko‘rib ko‘rmagandek, bilib bilmagandek, panada tomoshabin bo‘lib turgan bo‘lsa, ayrimlari allaqachon O‘zbekiston yuritayotgan siyosatni va Qoraqalpog‘istondagi hodisalarda olingan qarorlarni olqishlab chiqdi. Xo‘sh, o‘tgan 3 kunda Qoraqalpog‘iston haqida kimlar nimalar dedi? Quyida ularni ko‘zdan kechiramiz. 

Feyk xabarda ham, daldada ham Qozog‘iston birinchi 

Qoraqalpog‘istondagi voqealar boshlangan va avj olgan vaqtlarda Qozog‘istondagi ommaviy axborot vositalari feyk va noxolis axborotlar tarqatishda faol bo‘ldi. Shunga qaramay, O‘zbekistonning siyosiy irodasiga hurmat ko‘rsatilgan birinchi bayonot ham aynan Nur-Sultondan chiqdi. 

3 iyul kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonot e’lon qilib, Qozog‘iston O‘zbekiston Respublikasida sodir bo‘lgan so‘nggi voqealarni xavotir bilan qabul qilganini aytdi. Bayonot avvalida O‘zbekiston Qozog‘iston uchun qardosh davlat, ishonchli ittifoqchi va strategik hamkor ekanini urg‘ulanadi. 

“Biz O‘zbekiston rahbariyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan qarorlarini olqishlaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. 

G‘oyat muhim siyosiy voqea – Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum arafasida qardosh O‘zbekistonda tinchlik va osoyishtalik qaror topishiga ishonchimiz komil”, deyiladi bayonotda.

Tashqi ishlar vazirligi bergan bayonot ortidan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 4 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qildi. 

Suhbatda To‘qayev O‘zbekiston rahbariyatining Qoraqalpog‘istonda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qarorlari o‘z vaqtida qabul qilinganini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyevga Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazishda muvaffaqiyat tiladi va bu voqea qardosh O‘zbekistonda keng ko‘lamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar dasturini amalga oshirishda muhim lahza bo‘lishini aytdi.

Bishkekning muhim chaqirig‘i

Rasmiy Bishkek esa O‘zbekistonga hurmatini ko‘rsatgan holda, Qirg‘izistondagi jamoatchilik faollari, blogerlar va boshqalardan Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘layotgan voqealar xususida turli provokatsion postlarni chop etmaslikni, voqealarga baho bermaslikni so‘radi. Bunday murojaat Prezident matbuot kotibi Erbol Sultonboyevdan yangragan. 

Sultonboyev Qirg‘izistonning boshqa birorta davlatning ichki ishlariga aralashishga haqqi yo‘qligini ta’kidlagan:

"Xorijiy mamlakatlarda sodir bo‘layotgan barcha jarayonlar sof ularning ichki ishi. Shuning uchun ham yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga zid bo‘lgan noaniq fikr va baholarni e’lon qilishdan tiyilishingizni yana bir bor so‘raymiz".

4 iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ham O‘zbekiston rahbariga sim qoqdi. Japarov Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonda kechayotgan voqealarni katta tashvish bilan qabul qilganini ta’kidlagan. 

O‘z navbatida u, qat’iy va kelishilgan harakatlar tufayli Qoraqalpog‘istonda vaziyatning normallashishini ta’minlash va uning yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik mumkin bo‘lganini aytgan 

Qirg‘iziston rahbari O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar natijalari barqarorlikni ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratishi va mamlakatning uzoq muddatli strategiyasini amalga oshirishning ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Jim qolayotgan Rossiya yoki tilga kirgan Peskov

Rossiya haligacha rasmiy bayonot bergani yo‘q. Kreml ham, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ham Qoraqalpog‘istondagi voqealar haqida miq etmagan. Faqat Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistning Qoraqalpog‘istondagi voqealar haqidagi savoliga nisbatan, bo‘lib o‘tgan hodisalarga munosabat bildirgan. 

“O‘zbekiston bizning ittifoqdoshimiz, do‘st davlatimiz, juda muhim hamkorimiz. O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan hamma narsa shu davlatning ichki ishi”, degan Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston rahbariyatining faol harakatlari sabab barcha mavjud muammolar hal etilishiga shubha qilmaydi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ham O‘zbekiston rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, Dushanbe Qoraqalpog‘iston Respublikasida barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

Barqarorlik izdan chiqishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi

Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi va Qoraqalpog‘istondagi vaziyatning ba’zi buzg‘unchi kuchlar tomonidan izdan chiqarilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi. 

Sharl Mishel jinoiy unsurlar tomonidan uyushtirilgan tartibsizliklar natijasida qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik so‘zlarini yetkazishni so‘ragan.

Yevrokengash Prezidenti O‘zbekistonning kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat barpo etish sari ochiq islohotlar yo‘lini davom ettirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan.

Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston Hukumatiga chaqiriq

Keyinroq, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumatini Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni ochiq va mustaqil tergov qilishga chaqirdi. Tashkilot saytida Qoraqalpog‘istondagi voqealarga oid bayonot e’lon qilindi.

“Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga taklif etilayotgan tuzatishlar e’lon qilinganidan keyin Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan zo‘ravonlik voqealarini ochiq va mustaqil tergov qilishga chaqiradi. Biz qurbonlar borligi va insonlar hayotini yo‘qotganidan chuqur afsusdamiz va voqealar rivojini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz”, deyiladi bayonot avvalida. 

Shuningdek, idora O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilayotgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan jamoatchilikning xavotirlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni e’tirof etgan. 

“Biz barcha tomonlarni har qanday kuchayish yoki zo‘ravonliklarni davom ettirishning oldini olish maqsadida o‘z harakatlarida vazminlik ko‘rsatishga chaqiramiz. Yevropa Ittifoqi rasmiylarni O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga muvofiq inson huquqlari, jumladan, so‘z erkinligi va yig‘ilishlar erkinligi kabi asosiy huquqlarni kafolatlashga chaqiradi”, deydi YeI.

Xitoy ham jim qarab turgani yo‘q

Qoraqalpog‘istondagi voqealarga O‘zbekistonning do‘st qo‘shnisi va keng qamrovli strategik hamkori sifatida Xitoy O‘zbekiston hukumatining milliy osoyishtalikni ta’minlash borasidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bayon etdi. 

“Xitoy tomoni bir necha kun avval O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan voqealardan xabardor. O‘zbekistonning do‘st qo‘shnisi va keng qamrovli strategik hamkori sifatida Xitoy O‘zbekiston hukumatining milliy osoyishtalikni ta’minlash borasidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi”, degan Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan.

Turkiya qanday fikrda? 

Ko‘p o‘tmay Turkiya ham O‘zbekiston liderining Qoraqalpog‘istonda tinchlik va barqarorlikni saqlash borasida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarini olqishladi. 

O‘zbekiston tomonidan Qoraqalpog‘istonda tinchlikni va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlarni Turkiya qat’iy qo‘llab-quvvatlamoqda. Buni Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov bilan suhbatda aytgan.

SHHTdan qoralov

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (SHHT) mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) ham ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni egallashga urinishda ifodalangan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi beqarorlikka urinishlarni qoraladi. 

SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi konstitutsiyaga zid ko‘rinishlar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlarni qoralab, joriy yilning 1 iyulida sodir bo‘lgan voqealar munosabati bilan barqarorlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni saqlash tarafdori ekanini bildirdi

Alohida urg‘ulanishicha, SHHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi holat bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rilayotgan choralarni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston

Baholaganlar

720

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing