Dunyo AQSH mag‘lubiyatidan so‘zlamoqda. Afg‘oniston “Tolibon”ga qoldimi?

Tahlil

image

Yaqin Sharq. 2020 yilning fevral oyi. Qatar poytaxti Doha shahrida 20 yildan beri bir-birini xavf, deb bilgan AQSH va “Tolibon” vakillari qo‘l siqishdi. O‘sha kuni ikki o‘rtada “Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha” kelishuv imzolandi. Oradan vaqt o‘tishi bilan kelishuvni hayotga tatbiq etish boshlandi. Tomonlar shartnoma shartlarini bajarishga harakat qilmoqda. Biroq tinchlikdan darak yo‘q. So‘nggi vaqtlarda Afg‘onistonda harbiy keskinlik ortgan. Mamlakatda katta kuchga ega bo‘lgan “Tolibon” esa faollashib qolgan: harbiy harakatlar olib borib, Afg‘oniston tumanlarini birin-ketin egallamoqda. Bu esa o‘z navbatida yana dunyo hamjamiyati va qo‘shni davlatlar, shu jumladan O‘zbekistonni ham xavotirga solmoqda. O‘zi Afg‘onistonda nimalar bo‘lyapti? Quyida ushbu savolga batafsil javob beramiz.

Sпецпредставитель SША по Афганистану Zalmay Халилзад и заместитель лидера Tалибана Abdulла Гани Бараdaр

Doha konferensiyasi 

2020 yilning 29 fevral kuni Doha anjumanida AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod va “Tolibon” yetakchisining o‘rinbosari — harakatning Qatar siyosiy idorasi rahbari mulla Abdul G‘ani Barodar AQSH va “Tolibon” o‘rtasidagi tinchlik bitimini imzoladi. Bugun biz ko‘rib turgan Afg‘onistondagi harbiy keskinlik aynan shu bitim bilan bog‘liq. Demak, ushbu kelishuvga ko‘ra, AQSH 14 oy ichida o‘zining va ittifoqchilarining qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketish, “Tolibon” esa Afg‘oniston yeridan AQSH va uning ittifoqchilari xavfsizligiga tahdid qilish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatlarini oldi.

AQSHning Afg‘oniston borasida qarori qat’iy

AQSHning toliblar bilan kelishuvga borishi va Afg‘onistonni tark etishga qaror qilishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Dastlab, ushbu bitim vaqtinchalik o‘yin, deb ta’riflandi. Bunday deyilishiga esa asos ham bor edi. Gap shundaki, AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasida Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqishga va’da bergandi va prezidentlik muddati tugashi arafasida yuqoridagi bitim imzolanishiga erishdi. Bu bilan Tramp AQSH prezidentligi uchun keyingi saylovda va’dasining uddasidan chiquvchi nomzod sifatida qatnashishni rejalashtirgandi.

Bugun ko‘rib turibmizki, AQSHning Afg‘oniston masalasida bunday jiddiy qadam tashlashi shunchaki bir siyosiy shaxs, masalan Trampning xohish-istagi bilan bog‘liq emas. Chunki Trampdan keyin Oq uyni egallagan Jo Bayden Donaldning ko‘plab qarorlari va siyosiy loyihalarini bekor qilgan bo‘lsa-da, Afg‘oniston masalasida eks Prezidentning yo‘lidan yurdi. Bayden hokimiyatga kelishi bilan Doha bitimida keltirilgan shartlarni bajarishga kirishdi. Okeanortidan kelayotgan signallarga qaraganda, AQSH qo‘shinlarini olib chiqish qarori qat’iy va Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatning o‘zgarishi rasmiy Vashington qaroriga ta’sir qilmaydi

Dunyo AQSHning mag‘lubiyatidan so‘zlamoqda

AQSH boshliq koalitsiya kuchlari Afg‘onistonga 2001 yilning oktyabr oyida kirgan. Bunga 2001 yil 11 sentyabr kuni Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakati sabab bo‘lgan. Ko‘rib turibmizki, Amerika 20 yildan buyon Afg‘onistonda. Bu AQSH tarixida eng uzoq davom etgan urush va chet elda amalga oshirilgan harbiy operatsiyadir. Bu davr mobaynida AQSH va uning ittifoqchilari umumiy hisobda 3,5 mingdan ortiq qurbon berdi. Bundan tashqari, amerikalik soliq to‘lovchilarning 2 trillion AQSH dollari shu urushga sarflandi. Ushbu resurslar qanchalik o‘zini oqladi? Aynan ushbu savolga beriladigan javob AQSH Afg‘onistondan mag‘lub bo‘lib chiqib ketmoqda, degan xulosani beradi.

AQSHning Afg‘onistonga kirishdan uchta maqsadi bo‘lgan: 

•    “Tolibon” rejimini ag‘darish;
•    Afg‘oniston hududini toliblar ta’siridan ozod qilish;
•    “Al-Qoida” ishtirokchilarini qo‘lga olish va sud qilish.

Endi AQSH ushbu qo‘yilgan maqsadlarga qanchalik erishganiga nazar solamiz:

•    To‘g‘ri, “Tolibon” rejimi ag‘darildi. Toliblar 1996-2001–yillarda hokimiyat tepasida turgan. Biroq, haligacha mamlakatda real kuchga ega;
•    Afg‘oniston hududi toliblar ta’siridan ozod qilingani yo‘q. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning 50-70 foizi “Tolibon”ning nazorati ostida;
•    11 sentyabr teraktining ijrochisi – “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti rahbari Usama ben Loden Amerika maxsus kuchlari tomonidan 2011 yilda o‘ldirilgan. Birinchi raqamli terrorchining o‘ldirilishi 20 yil davom etgan urushning yagona muvaffaqiyati bo‘ldi. Biroq shu o‘rinda qayd etish kerakki, “Al-Qoida” Usama ben Loden bilan birga o‘lgani yo‘q. Ushbu terrorchilik tashkiloti hali ham mavjud va ba’zi manbalarga ko‘ra, ular hech qachon toliblar bilan aloqani uzmagan.

AQSH va NATO Afg‘onistonni tark etmoqda

Jo Bayden Oq uyni Trampdan qabul qilib olganda AQSHning Afg‘onistonda atigi 2,5 ming harbiy xizmatchisi bor edi. Bu Amerika Afg‘onistonga bostirib kiraganidan beri eng past ko‘rsatkichdir. AQSHning sobiq Prezidenti Obama davrida ularning soni 100 mingni tashkil qilgan. 2011 yilda ben Loden o‘ldirilgach, qo‘shinlar soni ham kamaya boshlagan. 

Joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan qolgan qo‘shinlarini ham olib chiqa boshladi. Bayden ushbu jarayonni 11 sentyabrgacha yakunlamoqchi. Uning ittifqochilari hisoblangan Italiya va Germaniya esa, allaqachon, barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketishga ulgurdi. 

AQSHsiz qolayotgan Afg‘oniston

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” faollashib, o‘zining siyosiy ambitsiyalarini amalga oshirish yo‘lidan ketib, birin-ketin mamlakat rayonlarini o‘z nazoratiga olmoqda. NATO kuchlarining jamadonni yig‘ishni boshlashi bilan toliblarning har tomonga hujum qilishi Afg‘oniston hukumati uchun og‘ir kunlar yaqinlashayotganidan darak bermoqda.

Vashingtondan umidini uzmagan Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani joriy yilning iyun oyida AQSH Prezidenti bilan uchrashdi. Suhbat davomida Bayden rasmiy Kobulni qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishontirib, G‘aniga ko‘p miqdorda moliyaviy yordam va’da qildi. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, 2002 yildan beri Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonga deyarli 88 milliard dollarlik harbiy yordam, 36 milliard dollarlik fuqarolik yordami va 3,9 milliard dollarga yaqin gumanitar yordam ko‘rsatgan. Bu summa kelajakda yana 3 milliardga ortishi kutilmoqda. Biroq, qator ekspertlar kelgusida AQSH harbiy kuch bilan qo‘lga kiritolmagan natijaga moliyaviy va diplomatik “richag”lar bilan erishishiga ishonmayapti.

Faollashgan “Tolibon”

Qayd etish kerakki, AQSH 1 may kuni o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlaganidan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oyida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul chegara nazorat punktlari “Tolibon” tomonidan egallandi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, ular 22 iyunga qadar Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan.

Qo‘shnilar ham bezovta

Afg‘onistondagi vaziyat ushbu mamlakat bilan o‘zaro chegaradosh bo‘lgan qo‘shni O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokistonni xavotirga solmoqda. Afg‘on harbiylari “Tolibon” bilan to‘qnashuvlarda bosimga chiday olmay, qo‘shni respublikalarga qochib o‘tishi holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23-26-27—iyun kunlari ularning yana bir qismi O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

O‘z navbatida, Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan davlatlar harbiy salohiyatini sinovdan o‘tkaza boshladi. Masalan, O‘zbekiston 24 iyun kuni Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglarida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Iyun oyining so‘nggi kunlarida esa O‘zbekiston Mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov qiruvchi samolyotda havo kuchlarining harbiy tayyorgarligini tekshirdi. Bu borada O‘zbekiston yolg‘iz emas, jumladan Afg‘oniston bilan qariyb ming kilometr umumiy chegara ega bo‘lgan Eron ham qo‘shinlarini kuchaytirish choralarini ko‘rib qo‘ydi. Rasmiy Tehron Afg‘oniston bilan chegara hududlariga T-72S, BMP-2 tanklari va boshqa zirhli harbiy texnika yuborgan.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari va ushbu mintaqaga qiziqishi hamda ta’siri bo‘lgan davlat rahbarlari Afg‘onistondagi harbiy keskinlik yuzasidan o‘zaro muzokaralar o‘tkazdi. Shu bilan birga, amaliy tashriflar ham bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali suhbatda ikki tomonlama munosabatlar qatorida Afg‘onistondagi vaziyatni ham muhokama qildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonga Afg‘oniston Tashqi ishlari vazirligi delegatsiyasi tashrif buyurdi. O‘z navbatida, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon terrorchilarga qarshi kurashda Afg‘oniston hukumatini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Agar mintaqadan tashqaridagi davlatlar haqida gap ketadigan bo‘lsa, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan ham Afg‘onistondagi masalani muhokama qildi.

“Tolibon” o‘z nimani xohlaydi?

Ushbu savolga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov toliblar qurmoqchi bo‘layotgan Afg‘oniston islom amirligi davlati saytidan iqtibos keltirdi.

“Ular [toliblar] xorijiy davlatlar qo‘shinlarining mamlakatni (Afg‘onistonni) tark etishini istaydi. Tashqi kuchlarning aralashuvisiz mustaqil va suveren mamlakatni istashlarini aytmoqdalar. “Biz o‘z hududimizning xorijiy harbiy kuchlar tomonidan bosib olinishini istamaymiz. Biz ayollar, qizlar va boshqalarning huquqlarini kafolatlamoqchimiz. Ayollar ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda ishlashlari mumkin. Biz qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatmoqchimiz va hokazo”, deya Komilov toliblar nimani istayotganini sanab o‘tgan.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, joriy yilning iyun oyi oxirida “Tolibon” harakatining matbuot kotibi bayonot bilan chiqib, shunday degandi:

“Bizning siyosatimiz Kobul ma’muriyati va barcha afg‘on tomonlari bilan tinchlikka erishish hisoblanadi. Ushbu siyosat o‘zgarmadi”, deydi “Tolibon” vakili.

Toshkentda bo‘lishi kutilayotgan anjuman 

Joriy yilning 15-16 iyul kunlari Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil qilingan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi. Unda taxminan 14 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etadi. Qayd etish kerakki, Afg‘oniston masalasi ham xalqaro anjuman kun tartibidan o‘rin oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

537

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing