Imomali Rahmon terrorizmga qarshi kurashda Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi

Olam

image

Tojikiston xalqi nafaqat geografik nuqtayi nazardan, balki umumiy qadriyatlar jihatidan ham doimo Afg‘oniston xalqi tomonida bo‘ladi. Bu haqda kecha, 30 iyun kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Afg‘oniston Vulusi Jirg‘a (Xalq uyi) raisi Mir Rahmon Rahmoniy bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida Tojikiston rahbari xalqaro hamjamiyatni tashvishga solayotgan Afg‘onistondagi notinchliklar, siyosiy va harbiy vaziyatning keskinlashishi yuzasidan ikki mamlakat o‘rtasida amaliy xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik zarur ekanini qayd etgan.

Shuningdek, uchrashuvda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi terrorchilar va uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi samarali choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlangan.

Foto: Mir Rahmon Rahmoniy va Imomali Rahmon

Muzokaralar vaqtida mamlakatlar o‘rtasidagi siyosat, mudofaa, iqtisodiyot, savdo, fan, ta’lim, ommaviy axborot vositalari va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlik jarayonlari, xususan parlament aloqalari ham muhokama qilingan.

“Biz tinchlik va barqarorlikni hamda respublika iqtisodiyotini tiklash yo‘lida tilimiz va madaniyatimiz mushtarak bo‘lgan mamlakat hukumati va xalqining tashabbuslarini har doim qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Rahmon.

Tomonlar, shuningdek, energetika, yangi transport yo‘laklarini tashkil etish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish kabi har ikki mamlakat uchun ustuvor va o‘zaro manfaatli sohalarda aloqalarni kengaytirish bo‘yicha fikr almashgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22-27–iyun kunlari “Tolibon” harakatining hujumiga uchragan 150 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari chegaradosh Tojikiston hududiga qochib o‘tgan. Rasmiy Dushanbe o‘shanda Tojikiston chegarachilari insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarini inobatga olgan holda, davlat chegarasini buzgan afg‘on harbiylariga mamlakat hududiga erkin kirishga ruxsat berganini ma’lum qilgan.

Faollashib qolgan “Tolibon”

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan.

Chegardosh davlatlarning reaksiyasi

Voqealarning bunday rivoj olishi Afg‘onistonga chegaradosh bo‘lgan davlatlarni sergak tortishga majbur qilyapti. Jumladan Afg‘oniston bilan deyarli 1000 kilometr chegara hududiga ega bo‘lgan Eron ham mamlakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. OAVning yozishicha, rasmiy Tehron, allaqchon, chegara hududlariga T-72S, BMP-2 tanklari va boshqa zirhli harbiy texnika yuborgan. Shuningdek, O‘zbekiston ham harbiy okruglarida qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha rejaga asosan amaliy mashg‘ulotlar boshlagan. Bundan tashqari, respublika 22 iyun kuni Afg‘oniston bilan chegarani vaqtincha yopgan.

 AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak. Qayd etish kerakki, shu vaqtga qadar Italiya va Germaniya o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishga ulgurdi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Imomali “Tolibon

Baholaganlar

84

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing