O‘zbekiston Mudofaa vaziri qiruvchi samolyotda harbiy tayyorgarlikni tekshirdi (video)

Jamiyat 14025
image

O‘zbekiston Mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov qiruvchi samolyotda havo kuchlarining harbiy tayyorgarligini tekshirdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi maxsus videorolik e’lon qildi.

Videoda Bahodir Qurbonovning qiruvchi samolyot bortida  havo kuchlarining harbiy tayyorgarligini ko‘zdan kechirganini ko‘rish mumkin. 

Ma’lumot uchun, Afg‘onistonda “Tolibon” harakatining faollashivu fonida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy okruglarida qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha rejaga asosan amaliy mashg‘ulotlar boshlandi. 

Mudofaa vaziri rahbarligida Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglari hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari, Harbiy havo kuchlari harbiy qism va bo‘linmalarida qo‘qqisdan tekshiruvlar bo‘lib o‘tmoqda. Bunda shaxsiy tarkib va jangovar texnikalarning shayligi tekshiruvdan o‘tadi.

Shuningdek, “Angren” va “Termiz” umumqo‘shin dala maydonlari hududida Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonliklari tasarrufidagi harbiy qism va hamkorlikdagi kuch tuzilmalari o‘rtasida o‘zaro tajribalar almashish hamda harakatlarni muvofiqlashtirish, harbiy xizmatchilarning amaliy dala ko‘nikmalarini takomillashtirish maqsadida batalon taktik o‘quvlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.\

Eslatib o‘tamiz, afg‘onistonliklarning birinchi marta O‘zbekistonga qochib o‘tishi joriy yilning 23 iyun kuni yuz berdi. O‘shanda 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar Afg‘onistonning Sho‘rtepa tumani hududidan O‘zbekistonga o‘tgan. Zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari o‘tkazilganidan so‘ng, ushbu afg‘on fuqarolari vataniga qaytarilgan.

Shuningdek, 27 iyun kuni 44 kishidan iborat Afg‘oniston chegara qo‘shinlari va mahalliy qurolli guruh vakillari Sho‘rtepa tumani hududida O‘zbekistonning davlat chegarasini buzgan. Bir kun avval, ya’ni 26 iyun kuni chegaraning ushbu qismida qo‘shni mamlakat kuch ishlatar tizimlari 3 nafar vakilining O‘zbekiston hududiga kirib kelish holati qayd etilgan. Barcha Afg‘oniston fuqarolari o‘z vataniga qaytarilgan. O‘zbekiston hududiga bu kabi noqonuniy o‘tishga urinishlar qat’iy ravishda bartaraf etilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishlar qat’iy bartaraf etilishi, davlat chegarasini buzganlarga esa eng keskin choralar ko‘rilishini ma’lum qilgandi.

 

Umidjon Nozimjonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 177
Reyting: 3
t
×