Mirziyoyev “Arqadag‘” bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi
Jamiyat
−
29 iyun 2021
8259Bugun, 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezidentlar xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashib, Afg‘onistondagi, jumladan, ushbu mamlakat shimoliy chegaraoldi hududlaridagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini muhokama qilgan.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan. Suhbatda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
“Oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqotlar tufayli O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish borasida birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi. Hamkorlik bo‘yicha yangi loyihalarni ilgari surishda Hukumatlararo komissiya alohida o‘rin tutishi qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Yetakchilar joriy yilda Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini tashkil etish masalalariga alohida to‘xtalgan. Bo‘lajak ko‘p tomonlama tadbir dasturini puxta tayyorlashga kelishib olingan.
O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek iliq, do‘stona va ishchan ruhda o‘tgani ma’lum qilindi.
LiveBarchasi