Afg‘oniston tumanlarini egallayotgan “Tolibon” bayonot bilan chiqdi
Olam
−
26 iyun 2021
68866So‘nggi vaqtlarda faol harbiy harakatlar olib borayotgan “Tolibon” harakati Afg‘oniston hukumati va boshqa barcha tomonlar bilan tinch kelishuvga erishmoqchi ekanini e’lon qildi. Bu haqda harakat matbuot kotibi Suxayl Shohinning bayonotida so‘z borgan. Bu haqda “ABC News” xabar berdi.
“Ba’zi viloyatlarning faqatgina markazi rasmiy Kobul nazoratida, ammo atrofidagi tumanlar biz tomonimizdan egallangan. Umumiy hisobda (bunday hududlar – tahr.) bizning nazoratimizdagi hududlarning 80 foizini tashkil qiladi”, deydi Shohin.
Ushbu bayonotning to‘g‘riligini tekshirish mumkin emas, chunki ko‘p joylar tez-tez qo‘ldan qo‘lga o‘tib turadi va Afg‘oniston rasmiylari bu masala bo‘yicha matbuotga izoh bermaydilar.
Shohin shuningdek, uning jamoasi so‘nggi harbiy yutuqlarga qaramay tinchlik muzokaralariga sodiqligini ta’kidlagan.
“Bizning siyosatimiz Kobul ma’muriyati va barcha afg‘on tomonlari bilan tinchlikka erishish hisoblanadi. Ushbu siyosat o‘zgarmadi”, deydi “Tolibon” vakili.
“Tolibon” vakili ularning Afg‘onistonni “bosib olish”ni to‘xtatish va “Islomiy hukumatni barpo etish” haqidagi talablari muhokama qilinmasligini ta’kidladi.
Amerika qo‘shinlar 11 sentyabrga qadar olib chiqilmasa, nima bo‘ladi, degan savolga Shohin “agar ular so‘zlariga sodiq bo‘lsa, bu ularning ishonchliligi va imijiga foyda keltiradi. Agar ular orqaga chekinmasa, kurash davom etadi”, deya javob qaytardi.
Faollashib qolgan “Tolibon”
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.
Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan.
So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi