“Tolibon” o‘zi nimani xohlaydi?

Olam 64792
image
-

“Tolibon” birinchi navbatda AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishini xohlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “ThisisAmericaTV” loyihasi uchun bergan intervyusida aytib o‘tdi

Amerikalik teleboshlovchi Dennis Vuleyning “toliblar nimani istaydi?”, degan savoliga O‘zbekiston TIV rahbari tabassum bilan [xorijiy davlatlar qo‘shinlarining] mamlakatni tark etishini, deya javob bergan. Shunda teleboshlovchi Vuley toliblar bunga erishganini qayd etib, ularning keyingi qadami qanday bo‘lishini so‘ragan.

“Afg‘onistondagi mojaro fuqarolik urushi edi. Bu shunchaki AQSH yoki NATO qo‘shinlariga qarshi kurash emas. Bu fuqarolik urushi va jamiyat bo‘linib ketgan. Ular o‘zaro urushadi”, deydi Komilov. 

O‘zbekiston TIV rahbari xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonga yordam berishi kerakligi qo‘shimcha qilgan. 

“Mavjud hukumat va harbiy muxolifat osongina o‘zaro kelishuvga erishadi degan hayol yo‘q. Bu o‘rinda jahon hamjamiyati har ikkisiga ham yordam berishi kerak. Biz mamlakatdagi vaziyatning jiddiyligini bee’tibor qoldira olmaymiz va Afg‘onistonda milliy yarashuv kelishuviga erishilishi uchun qat’iy turamiz”, deydi u.

Abdulaziz Komilov toliblar harakatining himoyachisi sifatida ko‘rinishni istamasligini ta’kidlab, Afg‘oniston Islom amirligi veb-saytida “Tolibon” qurmoqchi bo‘layotgan mamlakatni tasvirlab bergan maqolaga ishora qildi.

“Juda qiziqarli maqola. Ular [toliblar] tashqi kuchlarning aralashuvisiz mustaqil va suveren mamlakatni istashlarini aytmoqdalar. “Biz o‘z hududimizning xorijiy harbiy kuchlar tomonidan bosib olinishini istamaymiz. Biz ayollar, qizlar va boshqalarning huquqlarini kafolatlamoqchimiz. Ayollar ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda ishlashlari mumkin. Biz qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatmoqchimiz va hokazo”, deya Komilov toliblar nimani istayotganini sanab o‘tgan. 

Vazir shuning uchun “hukumat va muxolifatning umumiy manfaatlariga xizmat qiladigan ishlarning keng doirasi mavjud”, deb hisoblaydi.

“Ular bu maydonni kengaytirib, afg‘on jamiyati manfaatlari yo‘lida kelishuvga erishishlari kerak. Bundan tashqari, ayrim muxolifat vakillari agar afg‘onlar prezidentlik respublikasini tanlasa, biz ham rozi bo‘lamiz, deb aytganini eshitdim”, deydi Komilov.

Avvalroq Komilov O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda liderligi borasida fikr yuritib, mamlakat o‘z mas’ulyatini his qilishini, biroq mintaqada yetakchi rol o‘ynashni istamasligini ta’kidlagandi. Bunldan tashqari, u birinchi bo‘lib rasmiy Toshkent “Tolibon” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston TIV rahbari joriy yilning 27 iyun – 4 iyul kunlari amaliy tashrif bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ladi.

Faollashib qolgan “Tolibon”

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan. 

Chegardosh davlatlarning reaksiyasi

Voqealarning bunday rivoj olishi Afg‘onistonga chegaradosh bo‘lgan davlatlarni sergak tortishga majbur qilyapti. Jumladan Afg‘oniston bilan deyarli 1000 kilometr chegara hududiga ega bo‘lgan Eron ham mamlakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. OAVning yozishicha, rasmiy Tehron, allaqchon, chegara hududlariga T-72S, BMP-2 tanklari va boshqa zirhli harbiy texnika yuborgan. Shuningdek, O‘zbekiston ham harbiy okruglarida qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha rejaga asosan amaliy mashg‘ulotlar boshlagan. Bundan tashqari, respublika 22 iyun kuni Afg‘oniston bilan chegarani vaqtincha yopgan.

 AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 1423
Reyting: 3
t
×