Bayden Sorosni ham “Ozodlik” medali bilan mukofotladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Jorj Soros, futbolchi Lionel Messi va siyosatchi Hillari Klinton hamda yana 16 kishiga "Ozodlik" medallarini topshiradi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Bayden o‘n to‘qqiz kishini Prezidentning "Ozodlik" medali bilan taqdirlanishini aytdi va ularni Amerika va dunyoni yaxshiroq joyga aylantirgan buyuk yetakchilar deb atadi.

Mukofotlar bugun, 4 yanvar kuni Oq uyda topshiriladi. Quyidagi shaxslar Prezidentning “Ozodlik” medali bilan taqdirlanadi:

  • Hillari Klinton, 2009–2013 yillarda AQSH Davlat departamenti rahbari, sobiq AQSH prezidenti Bill Klintonning rafiqasi va 2016 yilgi saylovlarda Demokratik partiyadan AQSH prezidentligiga nomzod;
  • Jorj Soros, milliarder, xayriyachi;
  • Bono (Pol Devid Xyuson), musiqachi, U2 guruhi solisti;
  • Maykl J. Foks, “Kelajakka qaytish” trilogiyasidagi Marti Makflay roli bilan mashhur aktyor;
  • Denzel Vashington, aktyor, ikkita Oskar mukofoti sovrindori;
  • Jorj Stivens, prodyuser, yozuvchi, ssenariy muallifi, Amerika kino instituti asoschisi;
  • Lionel Messi, argentinalik futbolchi;
  • Irvin "Mejik" Djonson, amerikalik professional basketbolchi, "Los-Anjeles Leykers" yulduzi;
  • Ralf Lauren, mashhur kutyure;
  • Anna Vintur, jurnalist, 1988 yildan beri "Vogue" jurnalining Amerika nashri bosh muharriri;
  • Tim Gill, tadbirkor;
  • Jeyn Gudall, primatolog, etolog va antropolog, shimpanzelar haqidagi tadqiqotlari bilan mashhur;
  • Bill Nay; muhandis, aktyor va teleboshlovchi;
  • Xose Andres; AQSHda tapasni ommalashtirgan oshpazlik mutaxassisi va restavrator;
  • Devid Rubenshteyn, milliarder, The Carlyle Group asoschilaridan biri.

Shuningdek, quyidagilarga medal vafotidan keyin beriladi:

  • Prezident Jon Kennedining 1968 yilda saylov kampaniyasi paytida o‘ldirilgan ukasi Robert Kennedi.
  • Michigan shtatining sobiq gubernatori va AQSH uy-joy va shaharsozlik vaziri Jorj Romni.
  • 2015 yildan 2017 yilgacha AQSH mudofaa vaziri lavozimida ishlagan Pentagonning sobiq rahbari Eshton Karter
  • Amerikalik saylovchi va ayollar huquqlari faoli Fanni Lou Hamer.

Oq uy bayonotida mukofotlanayotgan shaxslarning har biriga tarif berilgan. Xususan, Jorj Soros investor, xayriyachi va "Ochiq Jamiyat Jamg‘armalari" asoschisi sifatida qayd etilgan.

"120 dan ortiq mamlakatlardagi fondlari, hamkorlari va loyihalari tarmog‘i orqali Soros asosiy e’tiborini demokratiya, inson huquqlari, ta’lim va ijtimoiy adolatni mustahkamlovchi global tashabbuslarga qaratgan", deyiladi Oq uy bayonotida.

Shuni ham ta’kidlash joizki, Sorosning faoliyati ijobiy baholardan tashqari tanqidga ham sabab bo‘lgan. Buyuk Britaniyada u uzoq vaqt davomida Angliya bankini "buzgan" odam sifatida tanilgan. Amerikalik iqtisodchi Pol Krugman 1996 yilda "Soros" atamasini "foyda va zavq" uchun valyuta inqirozlarini qo‘zg‘atuvchi yirik chayqovchilarga nisbatan ishlatgan.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi o‘ta o‘ng siyosatchilar Jorj Sorosni "global yahudiy fitnasi"ning markaziy figurasi deb da’vo qiladi. Masalan, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Soros "yahudiy fitnasi"ning o‘zagi ekanini, uning maqsadi Turkiya va boshqa davlatlarni bo‘lib, parchalash ekanini aytgan. Italiyada Soros mamlakatni muhojirlar bilan to‘ldirmoqchi bo‘lganlikda ayblangan. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning da’vo qilishicha, Sorosning Vengriyani muhojirlar bilan to‘ldirish va xalqni yo‘q qilish uchun yashirin rejasi bor. 2018 yilda Vengriya parlamenti “Sorosni to‘xtatish” qonun loyihasini qabul qildi, unga ko‘ra, muhojirlarga yordam ko‘rsatuvchi har qanday tashkilotdan 25 foizlik soliq undiriladi. Tadbirkor tomonidan asos solingan Markaziy Yevropa universiteti faoliyatining katta qismini Budapeshtdan Venaga ko‘chirishga majbur bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Prezidentning "Ozodlik" medali – Amerika Qo‘shma Shtatlarining farovonligi, qadriyatlari yoki xavfsizligi, dunyo tinchligi yoki boshqa muhim ijtimoiy, jamoat yoki shaxsiy sa’y-harakatlarga namunali hissa qo‘shgan shaxslarga topshiriladigan eng oliy fuqarolik mukofotidir.

Dastlab Garri Trumen tomonidan yaratilgan ushbu mukofot oddiygina "Ozodlik medali" deb nomlangan va Ikkinchi Jahon urushi davrida o‘zini namoyon qilgan shaxslar uchun mo‘ljallangan edi. Biroq, 1963 yilda prezident Jon Kennedi mukofot nomini o‘zgartirdi va mukofotlanganlar doirasini kengaytirdi. O‘shandan beri mukofot 651 kishiga (Ellsuort Bunker va Kolin Pauellga ikki marta) va Apollon 13 kosmik kemasi ekipajiga  umumiy bitta topshirildi. Prezidentlik medallarini eng ko‘p Barak Obama (118 ta), eng kam esa Donald Tramp (24) topshirgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ozodlik Jo Bayden Jorj Soros

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing