AQSH bilan oldingi munosabatlar tugadi – Kanada Bosh vaziri

Olam

image

Kanada va AQSH o‘rtasidagi avvalgi munosabatlar davri yakunlandi, Kanadani og‘ir davr kutmoqda. Bu haqda mamlakatning yangi Bosh vaziri Mark Karni kecha, 27 mart kuni jurnalistlar bilan bo‘lgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Karnining so‘zlariga ko‘ra, Kanada AQSH Prezidenti Donald Trampning savdo urushi va uning avtomobil sanoatiga qo‘llayotgan tariflariga qarshi kurashadi. Biroq u hozircha AQSHga nisbatan qanday javob choralarini ko‘rishi haqida aniq ma’lumot bermagan.

“Biz ilgari AQSH bilan o‘rnatgan munosabatlar – iqtisodiyotimizning chuqur integratsiyasiga asoslangan va xavfsizlik hamda harbiy sohadagi yaqin hamkorlikka qurilgan eski aloqalar – endi yakunlandi. AQSH bundan keyin nima qilishi aniq emas. Biroq bir narsa ayon: biz, kanadaliklar, o‘z harakatlarimizda erkinmiz, bizda ixtiyor bor. Biz o‘z uyimizning xo‘jayinimiz”, dedi Karni.

U, shuningdek, Kanada o‘z iqtisodiyotini tubdan qayta ko‘rib chiqishi, AQSHga qaramlikni kamaytirishi va xalqaro savdo munosabatlarini o‘zgartirishi kerakligini ta’kidlagan.

Qayd etish joiz, 1 fevral kuni AQSH Kanada, Xitoy va Meksika tovarlariga bojxona yig‘imlari joriy etilishi haqida e’lon qilgan edi. Kanada va Meksika tovarlariga 25 foiz, Xitoy tovarlariga esa 10 foiz bojxona yig‘imlari joriy etilishi ma’lum qilingandi.

Bunga javoban Kanada va Meksika qarshi bojxona yig‘imlari kiritilishi va energiya resurslari hamda muhim materiallar bilan bog‘liq choralarning qo‘llanilishi haqida e’lon qildi. Xitoy ham AQSHga qarshi Jahon savdo tashkilotiga murojaat qilishga va’da berdi.

Keyinchalik Meksika va Kanada Tramp bilan bir oyga, 3 martga qadar bojxona yig‘imlarini kechiktirish bo‘yicha kelishib olishgani ma’lum bo‘ldi.

Mart oyida esa tariflar kuchga kirdi. Bu safar AQSH Xitoy tovarlariga 10 foiz emas, 20 foizlik boj yig‘imi joriy qildi. Xitoy esa Donald Trampning boj tariflari siyosatiga javoban 10 martdan boshlab Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha 10-15 foiz boj joriy qiladi. Qo‘shimcha 15 foiz boj tovuq go‘shti, bug‘doy, makkajo‘xori va paxta mahsulotlariga tatbiq etiladi. Sorgo, soya dukkagi, cho‘chqa va mol go‘shti, baliq mahsulotlari, meva, sabzavot hamda sut mahsulotlariga esa 10 foizlik boj joriy qilinadi. Kanada ham 155 milliard Kanada dollari miqdoridagi Amerika tovarlariga 25 foizlik boj joriy qildi. Ammo 7 mart kuni Donald Tramp Kanada va Meksika tovarlariga nisbatan bojxona yig‘imlarini deyarli bir oyga kechiktirish to‘g‘risida qaror imzoladi. Ushbu qaror faqat AQSHga Kanada va Meksikadan keladigan USMCA erkin savdo kelishuvi doirasiga kiruvchi tovarlarga taalluqli bo‘ldi va ularga nisbatan bojxona yig‘imlari 2 apreldan kuchga kirishi belgilandi.


Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi boshida Jastin Tryudo hukmron Liberal partiya raisi lavozimini tark etishini, ammo Bosh vazirlikdan partiyaning yangi rahbari saylangandan keyin iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Tryudo Kanada general-gubernatori Meri Saymondan parlament faoliyatini 24 martgacha to‘xtatishni so‘ragan. Keyinroq esa Kanadaning sobiq Markaziy banki rahbari Mark Karni Liberal partiyaning yangi yetakchisi etib saylandi va 14 mart kuni qasamyod qilib, o‘z lavozimiga kirishdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kanada Mark Karni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing