Kanadaning yangi Bosh vaziri saylandi
Olam
−
10 mart
3495Kanadaning sobiq Markaziy banki rahbari Mark Karni Liberal partiyaning yangi yetakchisi etib saylandi va mamlakatning navbatdagi Bosh vaziri bo‘ladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Karni 1965 yil 16 martda Kanadaning Fort-Smit shahrida tug‘ilgan. 1988 yilda Garvard universitetini iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 1993 yilda Oksford universitetida iqtisodiyot bo‘yicha magistr, 1995 yilda esa doktorlik darajasini olgan. U 13 yil davomida Goldman Sachs kompaniyasining London, Nyu-York, Toronto va Tokio filiallarida ishlagan. 2008-2013 yillarda Kanada banki, 2013-2020 yillarda esa Angliya banki boshqaruvchisi bo‘lgan.
Liberal partiya ichki saylovlarida Karni 85,9 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan. Uning asosiy raqibi, sobiq moliya vaziri va bosh vazir o‘rinbosari Xristya Friland 8 foiz ovoz olgan.
Karni Bosh vazirlik lavozimini egallash uchun parlament saylovlari o‘tkazilishini kutmoqda. Saylovlar joriy yil 20 oktyabrga belgilangan bo‘lsa-da, siyosiy vaziyat sababli ular oldinroq o‘tkazilishi mumkin.
Karni o‘zining iqtisodiy tajribasiga tayanib, o‘rta sinf uchun soliqlarni kamaytirish, mudofaa xarajatlarini YAIMning 2 foiz va undan yuqori darajaga oshirish, shuningdek, AQSH mahsulotlariga “dollar uchun dollar” tamoyili asosida bojxona to‘lovlarini joriy etishni va’da qilgan.
Qayd etish joiz, Kanada va AQSH o‘rtasidagi savdo munosabatlari hozirda tarang bo‘lib, AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanadaga qarshi bojxona to‘lovlarini joriy qilgan. Bunga javoban, Jastin Tryudo 30 milliard Kanada dollari miqdorida javob bojlarini kiritdi. Karni ushbu savdo muammolarini hal qilishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilagan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi boshida Jastin Tryudo hukmron Liberal partiya raisi lavozimini tark etishini, ammo Bosh vazirlikdan partiyaning yangi rahbari saylangandan keyin iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Tryudo Kanada general-gubernatori Meri Saymondan parlament faoliyatini 24 martgacha to‘xtatishni so‘ragan. Bu chora muxolif partiyalar tomonidan yanvar oxiriga rejalashtirilgan ishonchsizlik votumini o‘tkazishga to‘sqinlik qilish uchun zarur.
LiveBarchasi
Trenddagilar

