Tramp ma’muriyati ayrim shaxslarga grin-karta berishni to‘xtatdi
Olam
−
27 mart
6965AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati muhojirlarni yanada qat’iy tekshirishga qaratilgan kengroq harakat doirasida ba’zi shaxslar, jumladan, rasmiy tasdiqlangan qochqinlar tomonidan topshirilgan grin-karta arizalarini ko‘rib chiqishni yashirincha to‘xtatdi. Bu haqda ushbu masaladan xabardor bir nechta manbalar CBS News’ga ma’lum qilgan.
Manbalarga ko‘ra, AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) yaqinda qochqin yoki boshpana izlovchi maqomini olgan muhojirlar tomonidan topshirilgan qonuniy doimiy rezidentlik arizalarini ko‘rib chiqishni to‘xtatish bo‘yicha rasmiylarga ko‘rsatma bergan. Mazkur chora jamoatchilikka rasman e’lon qilinmagani sababli, bu haqda anonim tarzda xabar berilgan.
Bu harakat hozircha o‘z vatanida ta’qibga uchrashi mumkinligini isbotlab, AQSHdan boshpana olgan muhojirlarni huquqiy jihatdan mavhum vaziyatda qoldiradi.
Qochqinlar AQSHga kelishdan oldin uzoq yillar davom etadigan xavfsizlik tekshiruvlari, tibbiy ko‘rik va intervyu jarayonlaridan o‘tadi. Boshpana so‘ragan shaxslar esa AQSH hududida bo‘lib, immigratsiya sudyalari yoki ularga mas’ul xodimlar tomonidan himoya huquqiga ega bo‘lgan shaxslar hisoblanadi. Har ikkala guruh ham siyosiy qarashlari, irqi yoki dini tufayli ta’qibga uchrash ehtimoli mavjudligini isbotlashi kerak.
“Tramp ma’muriyati ushbu qonunchilik asosida qabul qilingan dasturlarni nishonga oldi, qochqinlarni qabul qilish jarayonini to‘xtatdi va AQSH-Meksika chegarasida boshpana tizimini yopdi. Hozirda bu farmonlar federal sudlarda ko‘rib chiqilmoqda”, deyiladi xabarda.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) CBS News ning xabarlarini tasdiqlab, grin-kartaarizalarini ko‘rib chiqishni to‘xtatish Tramp tomonidan chiqarilgan ikkita farmonni bajarish uchun zarur ekanini bildirgan. Bu farmonlardan biri Bayden ma’muriyatining immigratsiya tekshiruv jarayonlarini shubha ostiga qo‘ygandi.
“USCIS ayrim maqomni o‘zgartirish (Adjustment of Status) arizalarini yakuniy ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatmoqda. Bu Tramp farmonlariga muvofiq qo‘shimcha tekshiruv va nazorat jarayonlarini amalga oshirish, potensial firibgarlik, jamoat xavfsizligi yoki milliy xavfsizlik tahdidlarini aniqlash uchun amalga oshirilmoqda”, deyiladi DHS bayonotida.
“Maqomni o‘zgartirish” – bu AQSHda grin-kartaolish jarayonining rasmiy nomi.
Rasmiylar keltirgan Prezident farmonlaridan birida Tramp federal agentliklarga AQSHga kirishni istagan, kirgan yoki allaqachon mamlakat ichida bo‘lgan barcha muhojirlarni imkon qadar qat’iy nazorat qilishni buyurgan.
Rasmiylar havola qilgan boshqa farmon esa Davlat departamentiga Meksika kartellari va Tren de Aragua kabi jinoiy guruhlarni xorijiy terroristik tashkilot sifatida belgilashga yo‘l ochib bergan.
Ba’zi grin-kartaarizalarini to‘xtatish Tramp ma’muriyatining immigratsiya jarayonlarini cheklash, qattiqlashtirish va ba’zi hollarda milliy xavfsizlik hamda firibgarlik xavotirlariga asoslanib, qonuniy immigratsiya jarayonlarini butunlay to‘xtatish yo‘lidagi so‘nggi harakati bo‘lgan.
O‘tgan oy ma’muriyat Lotin Amerikasi va Ukrainadan AQSHga Bayden davrida qabul qilingan gumanitar parol dasturi asosida kelgan muhojirlarning barcha immigratsiya arizalarini to‘xtatgan.
O‘tgan hafta esa ma’muriyat Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan kelgan yarim milliondan ortiq muhojirlarga 30 kun ichida o‘z ixtiyori bilan AQSHni tark etish yoki hibsga olinib deportatsiya qilinish tahdidi ostida qolishini ma’lum qilgan. Tramp ma’muriyati Bayden davrida ushbu muhojirlar “yuzaki tekshirilgan” va ularning qabul qilinish jarayoni firibgarlikka uchraganini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, Tramp ma’muriyati qonuniy maqom olish uchun ariza topshirgan muhojirlarning, jumladan, AQSH fuqaroligi, grin-kartava boshpana so‘raganlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini yanada qat’iy tekshirish va nazorat qilish rejasini e’lon qilgan.
USCIS bayonotida aytilishicha, muhojirlarning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini tekshirish “kuchaytirilgan shaxsni identifikatsiyalash, tekshiruv va milliy xavfsizlik nazorati” uchun zarur.
Hozirgacha immigratsiya agentligi ba’zi immigratsiya imtiyozlari uchun ariza topshirgan muhojirlarning ijtimoiy tarmoq ma’lumotlarini ko‘rib chiqqan. Biroq yangi reja doirasida barcha murojaat qiluvchilar o‘z ijtimoiy tarmoq akkauntlarini hukumatga taqdim etishi shart bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Savdo vaziri Govard Lutnik bir kun ichida 1 000 ta “oltin karta” sotilganini va bu orqali hukumat 5 milliard dollar daromad qilganini ma’lum qilgan edi. Har biri 5 million dollar turadigan “oltin karta” xorijliklarga AQSHda doimiy yashash huquqini beradi. Ushbu karta oddiy grin-kartaning qimmatroq muqobili sifatida taklif qilinmoqda.
LiveBarchasi