Bayden-G‘ani uchrashuvi: 20 yil deganda ketayotgan AQSH Afg‘onistonga nimalar va’da qilmoqda?

Olam

image

Avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Oq uyda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani va Milliy yarashuv bo‘yicha Oliy kengash raisi Abdulla Abdullani qabul qilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu uchrashuv AQSH qo‘shinlarining 20 yil deganda Afg‘onistonni tark etishi hamda “Tolibon” harakatining faollashib qolgani fonida tashkil etildi.

Uchrashuvda Prezident Bayden G‘ani va Abdullani “qadrdon do‘stlar” deb atab, AQSH Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtamasligini, hatto Amerika qo‘shinlari mamlakatdan olib chiqilishiga qaramay yordam berishda davom etishini aytgan.

“Afg‘onistonliklar o‘zlarining kelajagini, nimani xohlashlarini o‘zlari belgilashi kerak bo‘ladi”, deydi Bayden.

Prezident G‘anining Bayden bilan uchrashuvda ma’lum qilishicha, afg‘on xavfsizlik kuchlari kecha, 25 iyun kuni oltita tumanni toliblardan qaytarib olgan. Bundan tashqari u Baydenning qarorini hurmat qilishini hamda AQSH va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga o‘tayotganini ta’kidlagan.

“Biz birdamlikka, izchillikka erishishga qat’iy qaror qildik”, deydi G‘ani.

Qayd etish kerakki, AQSHning har qanday yordami kabi Oq uydagi uchrashuv ham G‘ani uchun katta ramziy ahamiyatga ega: “Tolibon” hujumiga, portlash va qotilliklar, COVID-19 va Kobuldagi siyosiy kurashda Baydenning Afg‘oniston rahbarini qo‘llab-quvvatlashining tasdig‘i.

Moliyaviy yordam

“AQSH ma’muriyati Kobuldagi rasmiylarga moliyaviy ko‘mak berishda davom etadi. AQSH Kongressi joriy yil afg‘on xavfsizlik kuchlariga 3 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ ajratilishini ma’qulladi”, deyiladi Oq uy byonotida.

Xabarga ko‘ra, ushbu mablag‘lar Afg‘oniston xavfsizlik kuchlariga yordam berish uchun AQSH Mudofaa vazirligi fondi orqali ajratiladi. Bundan tashqari, Davlat departamenti va uning tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot agentligi Kobulga “fuqarolik yordami” ko‘rinishida qo‘shimcha 300 million AQSH dollari beradi.

2022 yilda AQSH Prezidenti qonun chiqaruvchi hokimiyatdan yana 364 million AQSH dollari ajratishni so‘raydi, deyiladi Oq uy bayonotida. Umuman olganda, Amerika hukumatining ko‘rsatmalariga ko‘ra, 2002 yildan beri Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonga deyarli 88 milliard dollarlik harbiy yordam, 36 milliard dollarlik fuqarolik yordami va 3,9 milliard dollarga yaqin gumanitar yordam ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kobul Vashington Bayden G'ani

Baholaganlar

578

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing