O‘zbekiston qo‘shinlari Termizda jangovar mashg‘ulotlarni boshladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy okruglarida qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha rejaga asosan amaliy mashg‘ulotlar boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi

Qayd etilishicha, Mudofaa vaziri rahbarligida Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglari hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari, Harbiy havo kuchlari harbiy qism va bo‘linmalarida qo‘qqisdan tekshiruvlar bo‘lib o‘tmoqda. Bunda shaxsiy tarkib va jangovar texnikalarning shayligi tekshiruvdan o‘tadi.

Shuningdek, “Angren” va “Termiz” umumqo‘shin dala maydonlari hududida Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonliklari tasarrufidagi harbiy qism va hamkorlikdagi kuch tuzilmalari o‘rtasida o‘zaro tajribalar almashish hamda harakatlarni muvofiqlashtirish, harbiy xizmatchilarning amaliy dala ko‘nikmalarini takomillashtirish maqsadida batalon taktik o‘quvlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Xabarga ko‘ra, taktik o‘quvlar davomida “Trevoga” signali berilganda shaxsiy tarkibning harakatlari, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha himoyani kuchaytirishi, qo‘yilgan jangovar o‘quv vazifalarini sifatli bajarish borasidagi ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi.

“Shartli dushmanning ehtimoliy joylashgan hududi aniqlanib, keyinchalik ular tomonidan olib borilishi mumkin bo‘lgan faol harakatlarni bartaraf etish maqsadida ular joylashgan hududlarga aviatsiya hamda artilleriya bo‘linmalarining kuch va vositalari hamda minomyotchilar batareyasi tomonidan zarbalar beriladi. O‘quv mashg‘ulotlari rejaga asosan o‘tkazilyapti”, deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishlar qat’iy bartaraf etilishi, davlat chegarasini buzganlarga esa eng keskin choralar ko‘rilishini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyun kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan chegara vaqtincha yopilishi haqida xabar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Mudofaa vazirligi mashg'ulot

Baholaganlar

1033

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing