Donetskda vaziyat dahshatli – BMT
Olam
−
06 iyul 2022
17642Birlashgan Millatlar Tashkiloti to‘qqiz millionga yaqin ukrainaliklarga hayotni saqlab qolish uchun yordam ko‘rsatmoqda va kelgusi oylarda yana millionlab odamlargacha yetib borishni maqsad qilgan. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Shveysariyaning Lugano shahrida Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha konferensiyada videomurojaat bilan chiqish chog‘ida ma’lum qildi.
Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, BMT Ukraina hukumatini insonlar hayotini saqlab qolish, mamlakatni tiklash va rivojlantirish rejasini ilgari surish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida erishilgan yutuqlarni himoya qilishda qo‘llab-quvvatlash tarafdori.
“BMT Ukraina hukumati bilan portlamagan o‘q-dorilar, minalar va kassetali bombalar xavfini bartaraf etish ustida ishlamoqda. Bundan tashqari, biz muhim infratuzilma ob’ektlarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun zamin tayyorlayapmiz”, dedi Antoniu Guterrish.
O‘z navbatida, BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik Nyu-Yorkdagi matbuot anjumanida BMTga Donetsk viloyatida front chizig‘ining har ikki tomonida ko‘p sonli tinch aholi vakillarining o‘limi va jarohatlanishiga sabab bo‘lgan shiddatli janglar haqida xavotirli xabarlar olayotganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yuzlab uylar va fuqarolik infratuzilmasi, jumladan, Slovyanskdagi suv ta’minoti tizimi jiddiy zarar ko‘rgan.
“Slovyansk va Kramatorskning hukumat nazorati ostidagi hududlarida yashovchilar dam olish kunlarini, ayniqsa, og‘ir o‘tkazdi. Har ikki shahar hokimlari shaharliklarni boshqa joylardan boshpana izlashga undagan”, deydi Dyujarrik.
Uning qayd etishicha, Donetsk viloyatining nodavlat nazorati ostidagi hududlarida ham vaziyat dahshatli. Bularning barchasiga qaramay, BMTning Ukrainada odamlarning hayotini saqlab qolish bo‘yicha ishlari davom etmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
4 iyul kuni Rossiya Mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga (O‘zbekistonda tan olinmagan – tahr.) Lugansk Xalq Respublikasining ozod qilingani haqida hisobot berdi.
LiveBarchasi