Donetsk va Luganskda Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum sanasi belgilandi
Olam
−
20 Sentabr 2022
9195“Lugansk xalq respublikasi” nomini olgan rossiyaparast ayirmachilar Ukraina viloyatining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi bo‘yicha referendum sanasini e’lon qildi. Rossiya matbuotining yozishicha, bu haqda “LXR xalq kengashi” qaror qabul qilgan.
Qarorga ko‘ra, referendum 2022 yil 23-27 sentyabr kunlari o‘tkaziladi.
Ko‘p o‘tmay, xuddi shunday referendum o‘tkazish uchun xuddi shu kunlar "Donetsk Xalq Respublikasi Xalq Kengashi"da tasdiqlangan.
Ayni paytda, “DXR” rahbari Denis Pushilin Rossiya yetakchisi Vladimir Putindan referendumdan so‘ng “respublika”ni imkon qadar tezroq ovoz berishning ijobiy natijasi bilan Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiritishni so‘ragani ma’lum bo‘ldi.
Xersonlik bo‘lginchilar ham DXR bilan bir vaqtda Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazishlarini ma’lum qilgani aytilmoqda.
Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin avvalroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan referendumlar haqida shunday degan edi:
“Agar ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z xohish-irodasini bildirish chog‘ida Rossiyaning bir qismi bo‘lmoqchi ekanliklarini aytishsa, hamkasblar, biz ularni qo‘llab-quvvatlaymiz, bunga rozimisiz?”
Bu savoldan keyin Duma a’zolari Volodinning aytganlarini qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlagan edi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, “DXR”, “LXR”, Xerson va Zaporoje viloyatlarida Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazish tashabbusi bu hududlarda yashovchi xalqlarning o‘z taqdirini o‘zlari hal qilish istagidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak mamlakatning bosib olingan hududlarida o‘tkazilgan “referendum fleshmobi”ni Rossiya tomonining “qo‘rquv belgisi” deb atagan.
“Ukraina Rossiya masalasini hal qiladi. Tahdidni faqat kuch bilan bartaraf etish mumkin”, deb ishontirgan u.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi